Logo

Zangiotadagi do‘konlarga o‘t ketdi. Yong‘in tafsilotlari

Bugun, 6-avgust kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani «Tokzor» mahallasida joylashgan do‘konlarning birida yong‘in kelib chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda buni aks ettiruvchi tasvirlar ham tarqaldi. Vaqt.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, tafsilotlarni o‘rgandi.

Yong‘in joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, «O‘zsuvta’minot» hamda Tez tibbiy yordam xizmati xodimlari yetib kelishgan. Muxbirimiz voqea joyida ishlayotgan xodimlardan izoh olishga harakat qildi, ammo olov kuchliligi va o‘chirish ishlari faol kechayotgani sababli buning imkoni bo‘lmadi.

Hududdagi do‘kon sotuvchilarining aksariyati o‘z tovarlarini olov tarqalgunicha tashqariga olib chiqishga muvaffaq bo‘lishgan. Mahalliy tadbirkorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, 15 dan ortiq do‘kon va ulardagi mahsulotlarning deyarli barchasi yonib kul bo‘lgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, yong‘in haqidagi xabar soat 12:29 da FVB navbatchilik qismiga tushgan. Qutqaruv ekipajlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borishgan.

Guvohlarning aytishicha, alanga juda boshqa do‘konlarga ham tez tarqalgan, qora tutun esa shaharning turli hududlaridan ko‘ringan.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, yong‘in soat 13:48 da qurshab olinib, 14:09 da to‘liq bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Yong‘in natijasida do‘konlarning 400 kvadrat metr maydoni yonib ketgan.

Teglar

Ozodbek Abdumo‘minov

Ozodbek Abdumo‘minovMaqolalar soni: 11

Barchasi

Mavzuga oid