Prokuror «Sirojiddin Media»ga 6 yil qamoq jazosi so‘radi
Blogerga oid sud ishining 11-avgust kuni davom etgan navbatdagi majlisida davlat ayblovchisi sudlanuvchiga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini so‘radi. Bu haqda sud majlisida qatnashgan «Vaqt.uz» muxbiri xabar berdi.

4-avgust kuni JIB Jizzax shahar sudida bloger Sirojiddin Odilovga oid jinoyat ishida sud tergovi yakunlanib, muzokaraga o‘tilgandi. 11-avgust kuni davom etgan muzokarada dastlab prokuror Nodir Jafarov nutq qildi. Davlat ayblovchisi sudlanuvchi Sirojiddin Odilovni Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi (takroran sodir etilgan tovlamachilik) hamda 168-moddasi 3-qismi «b» va «v» bandlarida (takroran, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga nisbatan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini so‘radi. Shuningdek, sudlanuvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima jazosini so‘radi.
Shundan keyin advokatlar muzokara nutqini boshladi.
Sirojiddin Media kim?
Sirojiddin Odilov YouTube’dagi Sirojiddin Media kanali orqali tanilgan bloger. U ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzulardagi videolar va chiqishlari bilan auditoriya to‘plagan.
Odilovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi ilk rasmiy xabar 2026 yil 11-mart kuni tarqalgan. O‘sha paytda Samarqand viloyati IIB ma’lumotiga ko‘ra, Past Darg‘om tumanida yashovchi fuqaro bloger ustidan shikoyat qilgan.
Fuqaro 2024 yil avgustida Sirojiddin Odilovga boshqa shaxs bilan o‘rtasidagi moliyaviy masalani hal qilib berishni so‘rab murojaat qilgan. IIB ma’lumotida Odilov vakolatli shaxs bo‘lmasa-da, masalani hal qilib berishni va’da qilgani va buning evaziga pul olgani, keyinchalik va’dasini bajarmagani aytilgan.
Shundan so‘ng Odilovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) hamda 211-moddasi (pora berish) bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan. Unga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ammo ish sudga yetib kelgach, sudda ko‘rilayotgan ayblovlar boshqa moddalar bilan ko‘rsatilgan.
U nimada ayblanmoqda?
20-iyul kuni Jizzax shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Sirojiddin Odilovga oid ish bo‘yicha birinchi sud majlisi boshlandi.
Sudda bloger Jinoyat kodeksining:
— 165-moddasi 2-qismi «a» bandi — takroran sodir etilgan tovlamachilik;
— 168-moddasi 3-qismi «b» va «v» bandlari — takroran, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgani qayd etilgan.
Odilov mazkur ayblovlarni rad etgan. U sud boshlanishidan avval OAVga o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni «tuhmat» deb hisoblashini bildirgan.





