O‘zbekistonning yangi energetika vaziri prezident oldida taqdimot qildi
Yangiyo‘l tajribasi asosida energetika sohasidagi yangi boshqaruv tizimi yana 13 ta tumanga joriy etiladi.
© Foto: president.uzPrezident Shavkat Mirziyoyevga energetika tarmog‘i oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 27-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida elektr va gaz ta’minoti barqarorligi, avariyalar, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish borasidagi ishlar tanqidiy tahlil qilingan.
Taqdimotda Energetika vazirligi, «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati va O‘zenergoinspeksiya yangi rahbariyatining mazkur topshiriqlar ijrosini tashkil etish borasida olib borayotgan ishlari hamda kelgusi rejalari ko‘rib chiqildi.
Yangiyo‘l tajribasi kengaytiriladi
Hozirda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida elektr va gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha maxsus shtab faoliyat yuritmoqda. U yerda aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, elektr uzilishlari, quvvat yetishmasligi, gaz bosimining pasayishi, texnik shartlar va qarzdorlik bilan bog‘liq murojaatlar joyida o‘rganilmoqda.
Ushbu tajriba asosida yana 13 ta tumanda ham xuddi shunday boshqaruv tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Keyinchalik mazkur yondashuv mamlakatning boshqa hududlariga ham bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlarini elektr va gaz tarmoqlariga ulashda texnik shartlarni rasmiylashtirish jarayonining shaffofligi va qonuniyligini ta’minlash, korrupsiya xavflarini kamaytirish choralari kuchaytirilmoqda.
Kuz-qishga tayyorgarlik
Qayd etilishicha, kuz-qish mavsumi oldidan muammoli elektr tarmoqlari va uskunalarni yangilash, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish va avariyaviy uzilishlar sabablarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, sohada vazifalarni elektron tizim orqali boshqarish, ijroni raqamli nazorat qilish va xodimlar faoliyatini samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.
Topshiriqlar berildi
Energetika vazirligiga tarmoqda yagona va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish, soha korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini tizimli tashkil etish vazifalari yuklatildi.
«Hududiy elektr tarmoqlari»ga joylarda elektr ta’minoti barqarorligini oshirish, infratuzilmani bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, avariyaviy uzilishlarni kamaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash topshirildi.
O‘zenergoinspeksiya zimmasiga energiya resurslaridan oqilona foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish, texnik talablarga rioya etilishini ta’minlash, yo‘qotishlarni qisqartirish va yirik iste’molchilarni energiya auditidan o‘tkazishni jadallashtirish vazifalari qo‘yildi.
Taqdimotda tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyati cheklangan mahallalarni mavsumga tayyorlash, suyultirilgan gaz ta’minotiga xususiy sektorni keng jalb qilish, sohadagi jarayonlarning monitoringini yuritishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbari barcha choralarni manzilli va aniq hisob-kitoblar asosida amalga oshirish, aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini elektr va gaz bilan barqaror ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.





