Logo

Eng ko‘p korrupsiya jinoyatlari Andijonda qayd etilgan — senator

Bugun 14:252 daqiqa

2025 yilda O‘zbekistonda korrupsiya jinoyatlari bo‘yicha 7,5 mingdan ortiq shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Eng ko‘p holatlar esa Andijon viloyatida qayd etilgan.

Eng ko‘p korrupsiya jinoyatlari Andijonda qayd etilgan — senator © istock

O‘zbekistonda 2025 yil davomida korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun 7 517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda 8-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida senator Abduhakim Eshmurodov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, korrupsiya jinoyatlari oqibatida davlat manfaatlariga 2,9 trillion so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Senator mazkur raqamlar mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida aniqlangan jinoyatlar ko‘lamini ko‘rsatishini ta’kidladi.

Eshmurodovning aytishicha, eng ko‘p korrupsiya jinoyatlari Andijon viloyatida qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda esa Toshkent, Qashqadaryo, Samarqand va Namangan viloyatlari qayd etilgan.

Hududlar va sohalar

Senator keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, korrupsiya jinoyatlarini sodir etgan shaxslar soni Andijonda 946 nafarni, Toshkent viloyatida 793 nafarni, Qashqadaryoda 745 nafarni, Samarqandda 709 nafarni va Namanganda 509 nafarni tashkil etgan.

Sohalar kesimida eng ko‘p jinoiy javobgarlikka tortilganlar maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari xodimlari bo‘lib, ularning soni 580 nafarga yetgan.

Shuningdek, mahalliy hokimliklarda 497 nafar, sog‘liqni saqlash tashkilotlarida 404 nafar, tijorat banklarida 245 nafar hamda oliy ta’lim muassasalarida 161 nafar xodim korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan.

Abduhakim Eshmurodov korrupsiya jinoyatlari sonining oshishini huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ularni aniqlash va fosh etish ishlari faollashgani bilan izohladi.

Shu bilan birga, u vazirlik va idoralardagi ichki nazorat tizimlari yetarli darajada samarali ishlamayotganini tanqid qildi. Senatorning ta’kidlashicha, ayrim tashkilotlarda komplayens-nazorat tuzilmalari korrupsiyaning oldini olish vositasi emas, balki hisobot tayyorlash bilan cheklanib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Eng ko‘p korrupsiya jinoyatlari Andijonda qayd etilgan — senator | Vaqt.uz