Logo

O‘zbekistonda rieltorlar faoliyatini tartibga soluvchi qonun qabul qilindi

Yangi qonunga ko‘ra, rieltorlar malaka sertifikatiga ega bo‘lishi va faqat rieltorlik tashkiloti tarkibida ishlashi mumkin. Tashkilotlar esa Yagona reyestrga kiritilgandan keyingina faoliyat boshlaydi.

O‘zbekistonda rieltorlar faoliyatini tartibga soluvchi qonun qabul qilindi

O‘zbekistonda rieltorlik faoliyatini tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilindi. Qonunga ko‘ra, rieltor endi faqat rieltorlik tashkiloti tarkibida ishlashi va malaka sertifikatiga ega bo‘lishi kerak. Sertifikat olish uchun talabgor maxsus o‘quv dasturini tugatib, malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirishi lozim.

Malaka sertifikati professional jamoat birlashmasi tomonidan elektron shaklda beriladi. U dastlab besh yil amal qiladi va malaka imtihoni topshirilganidan so‘ng yana besh yilga uzaytirilishi mumkin.

Xalqaro tan olingan rieltorlik malaka sertifikatiga ega shaxslarga esa milliy sertifikat imtihonsiz beriladi. Bunda ham sertifikat dastlab besh yil muddatga rasmiylashtiriladi.

Tashkilotlarga talablar kuchaydi

Rieltorlik tashkiloti va ko‘chmas mulk bo‘yicha agent faqat ma’lumotlari Yagona reyestrga kiritilganidan keyin ishlashi mumkin. Reyestrni sohada vakolatli davlat organi bo‘lgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yuritadi.

Tashkilot rahbari malaka sertifikatiga ega bo‘lishi, shtatda esa kamida ikki nafar sertifikatli rieltor ishlashi shart. Bir rieltor faqat bitta tashkilotda faoliyat yuritishi mumkin.

Tashkilot professional jamoat birlashmalaridan biriga a’zo bo‘lishi, rieltorlarining har yili malaka oshirishini ta’minlashi va fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashi kerak.

Davlat organlari rieltorlik tashkilotini tuzishi mumkin emas. Tashkilotga boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish va ko‘chmas mulk bitimida bevosita taraf bo‘lish ham taqiqlanadi.

Mijoz huquqlari himoya qilinadi

Yangi tartib rieltorning mijoz oldidagi majburiyatlarini ham belgiladi. U ko‘chmas mulk, unga bo‘lgan huquqlar va mulkdor haqida ishonchli hamda to‘liq axborot berishi shart.

Rieltor mijozning yozma murojaatiga javob berishi, xizmat davomida olingan maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilmasligi va hujjatlarning saqlanishini ta’minlashi kerak.

Qonun rieltorlarga ko‘chmas mulk bitimlarida vositachilik qilish, savdoni tashkil etish, obektlarni ishonchli boshqarish, shuningdek axborot, maslahat va reklama xizmatlarini ko‘rsatish imkonini beradi.

Xususiy sektorda «multlisting» tizimini joriy etish ham nazarda tutilgan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tib, 8-noyabrdan kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda rieltorlar faoliyatini tartibga soluvchi qonun qabul qilindi | Vaqt.uz