Logo

O‘zbekistonda korrupsiya eng ko‘p uchraydigan sohalar ma’lum bo‘ldi

Bugun 15:222 daqiqa

2025-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha davlat manfaatlariga 2,9 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

O‘zbekistonda korrupsiya eng ko‘p uchraydigan sohalar ma’lum bo‘ldi © istock

O‘zbekistonda o‘tgan yili korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning eng ko‘pi maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu haqda 8-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Senatning 18-yalpi majlisida aytildi.

2025-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha 7517 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan, davlat manfaatlariga 2,9 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har to‘rtinchisida korrupsiyaviy omillar aniqlangan, davlat xaridlari sohasida 12,6 trln so‘mlik qonunbuzilishlar qayd etilgan, ayrim davlat organlari va hududlar korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi hamda ochiqlik indeksi bo‘yicha qoniqarsiz natija ko‘rsatgan.

Senatorlar korrupsiyaga qarshi kurashishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda, profilaktika ishlarining samaradorligini oshirish, davlat xaridlari sohasida qonuniylikni mustahkamlash, ichki nazorat (komplayens) tizimi faoliyatini kuchaytirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash hamda korrupsiya oqibatida davlatga yetkazilgan zararning qoplanishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Joriy yilning boshida «Transparency International» xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘zining an’anaviy Korrupsiyani qabul qilish indeksini e’lon qilgandi. O‘zbekiston unda 31 ball bilan 182 ta davlat ichida 124-o‘rinni olgandi. Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekistonda rasmiy islohotlar ba’zi yutuqlarni bergan, ammo korrupsiyani ochib beradigan jurnalistlar va blogerlar hanuz ta’qib yoki sudga tortilish xavfi bilan yuzlashmoqda, bu esa korrupsiyaga qarshi kurashning samaradorligini cheklab qo‘ymoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq suv xo‘jaligidagi korrupsiya davlatga 70 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazgandi.

Teglar

Mavzuga oid