add

Avtobus «quyon»lariga jarimalar oshirilmoqda

06.12.2025 | 15:125473 daqiqa

Jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamayotgan fuqarolar soni ortib bormoqda: Toshkentda 2025 yilning 11 oyida 19 632 ta qoidabuzarlik qayd etilgan. Shuningdek, «uddaburon» yo‘lovchilar jarimaga tortilgan. Vaqt.uz bu borada aholi fikrini o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi va mutaxassisdan fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob oldi.

2025 yil 1-yanvardan poytaxt jamoat transporti yo‘nalishlarida bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif — 3 000 so‘m etib belgilangan. Elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirilganda esa yo‘l haqi 1 700 so‘mni tashkil etadi. Ammo, 2025 yilning 11 oyi davomida 19 632 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan yo‘lovchilarga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Vaqt.uz bu borada aholi fikrini o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi va mutaxassisdan fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob oldi.


Respondentlar savolga javob berar ekan, ba’zi hollarda ma’lum sabablarga ko‘ra haqiqatdan ham avtobus haqini to‘lamaganini tan oldi. Ammo keyingi safar jamoat transportidan foydalanganda ikki marotaba to‘lov qilganini ta’kidladi.

Avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamaydiganlarni aniqlash jarayoni qanday amalga oshiriladi? Bu savolga javob olish uchun  «Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish» davlat muassasasi direktori Qaxorov Muhammadjon Obidjonovichga yuzlandik.

«Har bir nazoratchida body kamera bor. Jarayon body kameraga yozib olinayotganligi to‘g‘risida yo‘lovchi ogohlantiriladi va undan to‘lovni amalga oshirganligini tasdiqlovchi hujjat so‘raladi. Agar taqdim qila olmasa, bevosita bodi kamera orqali u rasmga olinadi. O‘sha yo‘lovchini identifikatsiya qilish orqali shaxsiga aniqlik kiritilib, shu joyi o‘zida jarima jazosi qo‘llaniladi», deydi u.

Yo‘l haqini to‘lamaydiganlar haqida aniq statistik ma’lumot e’lon qilingan, ammo bunday fuqarolar haqiqatda qanchalik ko‘p? Bu savolga javob olish maqsadida haydovchilar fikri bilan ham qiziqdik.

Haydovchilarning aytishicha, yo‘lovchilarning yo‘l haqini to‘lamasdan avtobusdan tushib ketish holati tez-tez uchrab turadi. Ular aholiga «Yo‘l haqqini to‘lang», deb murojaat qilganda esa, ba’zi fuqarolar qo‘pol munosabat bildiradi.

2025 yildan naqd to‘lovning bekor qilinishi va elektron tizimning joriy etilishi qay darajada samara berdi? Ya’ni, o‘tgan yilgi va joriy yilgi tushum o‘rtasida qanday farq bor?

Muhammadjon Qaxorovga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 oktabrdagi 726-sonli qaroriga asosan Toshkent shahrida 1-yanvardan boshlab avtobuslarda yo‘l haqini to‘lash jarayoni faqat elektron tarzda amalga oshirilishi amaliyoti joriy qilindi. O‘tgan 11 oy mobaynida yo‘lovchi oqimi 30 foizga oshgan, yo‘l haqi to‘lovidan tushgan mablag‘lar esa 20 foizga ko‘tarilgan. Ya’ni, ushbu amaliyot joriy etilganidan keyin ham yo‘lovchi oqimi oshgan, ham to‘lovlar ko‘paygan.

Fuqarolardan biri avval naqd to‘lov paytida haydovchilar yo‘lovchilarni ko‘proq kutganini, hozirgi elektron tizimdan keyin hatto 1 daqiqa ham kutmayotganini aytdi. Vaqt.uz ushbu masalaga oydinlik kiritish uchun mutaxassisga yuzlandi.

«To‘g‘ri, ilgari haydovchilarda kunlik pul tushum rejasi mavjud edi. Haydovchilar shu rejani bajarish asosida harakat jadvaliga rioya qilmasdi. Yirik va metroga yaqin bo‘lgan oraliq bekatlarda yo‘lovchilarni belgilangan vaqtdan tashqari  kutish holatlari mavjud bo‘lardi. bugungi kunda ushbu holatlar bartaraf etilgan, ya’ni, haydovchi o‘ziga belgilangan harakat jadvaliga rioya qilgan holda qatnovni bajarishi ko‘zda tutilgan», deydi  Muhammadjon Qaxorov.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ba’zi fuqarolarda imkoniyat yo‘qligi sababli yo‘l haqini to‘lamaslik holati kuzatilgan. Ammo “besh qo‘l barobar emas” — ataylabdan yo‘l haqini to‘lamaydiganlar ham talaygina.

Yana bir bor eslatamiz! Poytaxt jamoat transportida yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashni unutmang. Aks holda BHMning 10 foizi — 41 200 so‘m miqdorida jarima to‘laysiz.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 10

Barchasi

Mavzuga oid

Avtobus «quyon»lariga jarimalar oshirilmoqda | Vaqt.uz