
Bishkekda «Zakovat Asian Cup II» turniri o‘tkaziladi
18.08.2025 | 11:1550143
20 avgust kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda Markaziy Osiyo yoshlarini birlashtiruvchi «Zakovat Asian Cup II» turniri bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida 20 avgust kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida «Zakovat Asian Cup II» turniri o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, «Zakovat» chegara va to‘siqlarni yo‘qqa chiqarayotgan, Markaziy Osiyoning eng zukko yoshlarini bir maydonda birlashtirayotgan o‘yinga aylanib bormoqda. Saida Mirziyoyeva mazkur turnir mintaqaviy ma’naviy yaqinlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlaydi, deb ta’kidladi.
Turnir ikki qardosh xalq – O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi yaqin va samimiy munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev prezidentligida boshlangan qo‘shni davlatlar bilan ishonchli va manfaatli hamkorlik siyosati bu yo‘nalishda yangi imkoniyatlar ochib berdi.
Bishkekdagi musobaqa orqali yoshlar intellektual rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, mintaqaviy do‘stlik, hamkorlik va birdamlikni mustahkamlash jarayoniga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
«Zakovat Asian Cup II» turnirning o‘tkazilishi Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida bilim, tajriba va madaniy aloqalarni yanada boyitishi hamda yosh avlod uchun yangi imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir.





