
Bog‘chalarda bolalarning ommaviy zaharlanishi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi
25.09.2025 | 18:3022256
Bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq har qanday vaziyat tegishli tashkilotlarning alohida nazorati ostida o‘rganilishi aytilmoqda.

24 sentyabr kuni Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar sog‘lig‘ida o‘zgarish kuzatilib, ular yuqumli kasalliklar bo‘limiga olib borilgani haqida xabar bergan edik. Biroz vaqtdan so‘ng Yuqori Chirchiqdagi bog‘cha tarbiyalanuvchilarida ham zaharlanish holatlari kuzatilgani aniqlangan. Holatlar yuzasidan jinoyat ishi ochilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Bog‘chalarda tarbiyalanuvchi bolalar tana harorati, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi alomatlar bilan tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan. Dastlabki tibbiy ko‘rikdan so‘ng, bolalarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilgan va aksariyatining sog‘lig‘i yaxshilangan. Og‘ir ahvolda bo‘lgan bolalar aniqlanmagan.
Toshkent viloyatidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, shuningdek, tuman bo‘limlari mutaxassislari maktabgacha ta’lim muassasalarining oshxonasini tekshirishga kirishdi. Bolalar iste’mol qilgan taomlardan olingan namunalar laboratoriyalarda tekshirilmoqda.
25 sentyabr kuni Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariya qonunchiligi va epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda va bolalar ombudsmani holatni kuzatishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatli bo‘lmagan sut mahsulotlari sabab bo‘lishi mumkin. 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexda ishlab chiqarilganligi aniqlangan.
Ma’lumot uchun, Shunga o‘xshash holat 2021 yilda ham Oqqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan edi. O‘shanda 25 nafar bola zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan, jinoyat ishi Bosh prokurorning alohida nazoratiga olingan va 6 kishi ayblangani xabar qilingandi. Biroq aybdorlarga nisbatan qanday jazo qo‘llanilgani ochiqlanmagan.
O‘sha davrda «SHARK MILK PRODUCT» MCHJ Oqqo‘rg‘on tumani MTBga yil boshidan 503,3 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari (qayta ishlangan sut, kefir, tvorog va boshqalar) yetkazib bergan. Korxona to‘liq holda Oqqo‘rg‘onning o‘sha paytdagi hokimi Farhod Omonovning farzandiga tegishli bo‘lgan.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bog‘cha bolalari zaharlangani aniqlangan barcha tuman MMTBlari hozirga qadar «SHARK MILK PRODUCT»dan 3,2 foizli qadoqlangan kefirni deyarli barcha holatlarda tender yoki tanlovlarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali xarid qilib kelmoqda.
Jumladan (2025 yilda):
— Piskent tumani MMTB jami 1 mlrd 471 mln so‘mlik;
— Quyi Chirchiq tumani MMTB — 686 mln so‘mlik;
— Bo‘ka tumani MMTB — 354,3 mln so‘mlik;
— Oqqo‘rg‘on tumani MMTB — 950,8 mln so‘mlik qadoqlangan kefir va boshqa sut mahsulotlari sotib olgan.
Hozirda «SHARK MILK PRODUCT» MCHJning rahbari — Omonov Rasul Botirovich hisoblanadi. Ta’sischilari: Omonov Fazliddin Farxodovich (90 foiz ulush) va Sultanov Saidrasul Abdurazakovich.





