
Bugun O‘zbekistonda yilning eng issiq kuni bo‘lishi kutilmoqda
O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, bugun O‘zbekiston bo‘ylab harorat +46 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Shamol kuchayishi va chang-to‘zonlar kuzatilishi kutilmoqda. Mutasaddilar bu xavfli meteorologik holat qishloq xo‘jaligiga jiddiy ta’sir qilishini ta’kidlamoqda.

O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati xabar berishicha, bugun mamlakat bo‘ylab yomg‘ir yog‘ishi kutilmaydi. Shamol tezligi soniyasiga 7–12 m atrofida bo‘ladi, ba’zi joylarda 13–18 m/s gacha, shimoliy hududlarda esa 20–25 m/s gacha kuchayishi mumkin. Ayrim hududlarda chang-to‘zonlar kuzatilishi taxmin qilinmoqda.
Harorat +38...+43 darajani tashkil etadi. Shimol, janub va cho‘l hududlarida ayrim joylarda harorat +44...+46 darajagacha ko‘tarilishi ehtimoli bor. Poytaxt Toshkentda shamol 3–8 m/s tezlikda bo‘ladi va harorat 39–41 daraja atrofida kuzatiladi.
Tog‘li hududlarda nisbatan salqinroq bo‘lib, bu yerlarda harorat +30...+35 daraja bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq, «Meteojurnal» 3–4 iyul kunlari Turkmanistonning Lebap viloyatida harorat +48 darajagacha ko‘tarilishi va havoda nisbiy namlik 5 foizgacha pasayishi ortidan ekstremal havo qurg‘oqchiligi kuzatilishi haqida ogohlantirgan edi.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatov bugungi kunni yilning eng issiq kuni sifatida baholadi. Unga ko‘ra, bunday issiq ob-havo qishloq xo‘jaligi uchun katta xavf tug‘diradi. Uning ta’kidlashicha, bu sharoitda nihollar va hosillar qovjirab ketishi mumkin.





