
Buxoroda sayyohlardan bir oyda qancha tushum tushgani ma’lum bo‘ldi
So‘nggi bir oyda Buxoroda turistlar tashrifi sezilarli o‘sib, xizmatlardan tushgan daromad 155 million dollardan oshib ketdi.

Buxoro viloyati hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 5 sentyabrdan 15 oktyabrgacha bo‘lgan davrda viloyatda turizm faoliyati sezilarli darajada o‘sgan. Shu muddatda Buxoroga jami 1 million 224,2 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘pdir.
Sayyohlardan 570,8 ming nafari xorijiy, 653,4 ming nafari esa mahalliy bo‘lgan. Xorijlik mehmonlar soni 1,6 barobarga, ichki sayyohlarniki esa 1,5 barobarga oshgan. Mutaxassislar bu o‘sishni shaharda o‘tkazilgan Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bilan bog‘lamoqda.
Biyennale 5 sentyabrdan 15 oktyabrgacha davom etgan va Buxoroga katta sayyohlar oqimini jalb etgan. Shu kunlarda mehmonxonalarning bandlik darajasi 84 foizdan 92 foizgacha ko‘tarilgan, sayyohlarning shaharda qolish muddati esa o‘rtacha 1,5 kunda uzaygan.
Mazkur bir oyda xorijiy turistlarga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 155,6 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobar yuqori.
Umuman olganda, 2025 yil boshidan beri O‘zbekiston tarixida ilk bor har oyda 1 milliondan ziyod xorijiy sayyohlar qabul qilinmoqda. Yilning to‘qqiz oyida mamlakatga 8,6 milliondan ziyod xorijiy turist kelgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 112,5 foizga ko‘pdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda postpandemik 2022 yilga nisbatan Buyuk Britaniyadan kelgan sayyohlar oqimi 2,6 barobar, Qatardan 6,2 barobar, AQSHdan 3 barobar, Fransiyadan 2,9 barobar, Rossiyadan 2,1 barobar, Vengriyadan 3,3 barobar, Germaniyadan 2,5 barobar va Polshada 6,2 barobar oshgan.





