add

Xorazmda IIB xodimi pora bilan qo‘lga tushdi

Bugun 10:153001 daqiqa

Xorazm viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmatining katta tezkor vakili 30 ming dollar pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Xorazmda IIB xodimi pora bilan qo‘lga tushdi

Xorazm viloyatida Ichki ishlar boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati katta tezkor vakili Xiva shahri hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekish uchun ajratilgan 12 sotix yer maydonini uy-joy qurish uchun rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u hokimiyat idoralarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga fuqarodan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatida ham yer bilan bog‘liq firibgarlik holati qayd etildi. Buvayda tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan shaxs 2006 yilda tug‘ilgan tanishi bilan til biriktirib, dehqonchilik qilish uchun davlat tomonidan imtiyozli shartlarda ajratilgan jami 3 gektar yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Ular bu xizmat uchun 115 mln so‘m talab qilib, 9500 AQSH dollari va 700 ming so‘m olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan. Ayni paytda mazkur shaxslarga nisbatan bir qator moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid