add

2026-yilda Surxondaryodagi 114 ta konning 2 mlrd dollarlik qismi ishga tushadi

Bugun 16:153742 daqiqa

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatining salohiyatini yanada to‘liq ishga solish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

2026-yilda Surxondaryodagi 114 ta konning 2 mlrd dollarlik qismi ishga tushadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, yig‘ilishda kelgusi yilda viloyatda aniqlangan 114 ta qazilma konlari zaxirasi asosida yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Kelgusi yilda ushbu konlarda 3,2 milliard dollarlik 91 ta loyihani boshlash, shundan 2 milliard dollarlik qismini ishga tushirish rejalari belgilandi.

Shuningdek, drayver loyihalar infratuzilmasiga 175 milliard so‘m ajratiladi, buning hisobiga 1 trillion 200 milliard so‘mlik 36 ta loyiha amalga oshirilib, 9 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Ma’lum qilinishicha, turizm sohasi muhokama qilinar ekan, viloyatda atigi 47 ta mehmonxona faoliyat yuritayotgani, 4 va 5 yulduzli yoki brend mehmonxonalar mavjud emasligi qayd etildi. Boysun, Sangardak va Omonxona kabi yuqori turistik salohiyatga ega hududlar imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, mehmonxonalar sonini ko‘paytirish, yangi turizm yo‘nalishlari va ob’ektlarini tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligida meva-sabzavot ishlab chiqarishning 60 foizi Denov, Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot va Sariosiyo tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi. Kelgusi yilda Angor, Qiziriq, Termiz, Uzun hamda ixtisoslashgan boshqa tumanlarda ham eksportni ko‘paytirish bo‘yicha aniq loyihalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Davlat rahbari hududda yo‘llarni ta’mirlash, uy-joy qurish va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 30-noyabr kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz konida katta portlash sodir bo‘lgandi.

Teglar

Mavzuga oid