
«Rosatom»ga sanksiyalar: O‘zbekiston AES loyihasi xavf ostidami?
Xalqaro maydonda «Rosatom»ga nisbatan bosimlar kuchayayotgan bir paytda, Jizzaxda AES qurilishi davom etyapti. Loyiha rahbariyati ehtimoliy cheklovlar fonida qurilishning taqdiri haqida gapirdi.

«Rosatom»ga qarshi kiritilishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar O‘zbekistondagi AES loyihasini amalga oshirishga xalal bermaydi, chunki korporatsiya loyihaning barcha o‘ta muhim elementlarini allaqachon mahalliylashtirib bo‘lgan. Bu haqda «Atomstroyeksport» AJ vitse-prezidenti — O‘zbekistonda AES qurish loyihasi direktori Pavel Bezrukov ma’lum qildi.
«Rosatom stansiyaning barcha o‘ta muhim elementlarini allaqachon o‘zi uchun mahalliylashtirgan, shuning uchun bu atom stansiyasiga ham, uning qurilishiga ham hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi», — dedi u.
Bezrukov sanksiyalar haqidagi savolga javob berar ekan, Rossiya uzoq vaqtdan beri G‘arbning sanksiyalari ostida ekanini ta’kidlab o‘tdi.
2024 yil may oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida Jizzax viloyatida har biri 55 MVt quvvatga ega oltita reaktordan iborat mamlakatdagi birinchi kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi. Bosh pudratchi — «Atomstroyeksport» AJ bo‘lib, ishlarga mahalliy kompaniyalar ham jalb etilgan. Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligining 2025 yil iyun oyidagi xabariga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin loyihani qayta shakllantirish hamda ikki blokli katta quvvatli AES va ikki blokli kam quvvatli AES qurish bo‘yicha kelishuvga erishgan. 2025 yil 9 oktabr kuni kam quvvatli AES maydonida kotlovan ishlariga kirishilgan.





