add

Global mis taqchilligi: taklif kamayishi narxlarni rekord darajaga chiqardi

Bugun 09:453232 daqiqa

Global miqyosda taklifning kamayishi va elektromobillar hamda energetika sohasidagi yuqori talab fonida mis narxi shiddat bilan ko‘tarilib, iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha tarixiy maksimal darajaga yetdi.

Global mis taqchilligi: taklif kamayishi narxlarni rekord darajaga chiqardi

​London metall birjasida (LME) misning uch oylik fyucherslari qiymati tarixda ilk bor bir tonna uchun 12 059 dollarga yetdi. Joriy yil boshidan buyon ushbu metallning narxi qariyb 37 foizga oshgan bo‘lib, agar bu sur’at saqlanib qolsa, 2009-yildan keyingi eng sezilarli yillik o‘sish kuzatilishi mumkin. 

Dunyo bozoridagi narxlarning bunday keskin ko‘tarilishiga bir nechta yirik konlardagi qazib olish ishlarida yuzaga kelgan texnik muammolar va xalqaro savdo siyosatidagi o‘zgarishlar asosiy sabab bo‘lmoqda.

​Xususan, AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan amalga oshirilayotgan tarif siyosati va mis importiga bojlar joriy etilishi ehtimoli savdo oqimlarini qayta shakllantirmoqda. Qo‘shma Shtatlar metall importini sezilarli darajada oshirgani sababli, boshqa mamlakatlardagi qayta ishlash korxonalari xom ashyo uchun keskin raqobatga kirishishga majbur bo‘ldi. Bu esa bozorda ta’minot zanjirining izdan chiqishiga va narxlarning sun’iy ravishda yuqorilashiga olib kelmoqda.

​Shu bilan birga, Chili va Peru kabi yirik eksportchi davlatlardagi konlarda ishning to‘xtab qolishi hamda Indoneziyadagi yangi loyihalarning kechikishi dunyo bo‘yicha ishlab chiqarishni 8-12 foizga kamaytirib yubordi. Yangi konlarni ishga tushirish sur’ati pastligicha qolmoqda, bu esa mis konsentratining global tanqisligini yanada kuchaytirmoqda. Xitoydagi mis eritish zavodlarining xom ashyo taqchilligi sababli qayta ishlash tariflarini minimal darajaga tushirgani ham vaziyat jiddiy ekanidan dalolat beradi.

​Iqtisodiy tahlilchilarning fikricha, elektromobillar, data markazlari va qayta tiklanuvchi energiya infratuzilmasi tomonidan misga bo‘lgan talab barqaror ravishda oshib boradi. Goldman Sachs prognoziga ko‘ra, 2030 yilgacha mis iste’moli 60 foizdan ziyodga o‘sishi kutilmoqda. 

O‘zbekiston mis eksporti bo‘yicha Rossiya va Qozog‘istondan so‘ng MDHda uchinchi o‘rinda turadi. Lekin dunyodagi top-10 talikka kirmaydi.

2024 yil yakunlari bo‘yicha dunyodagi mis eksporti bo‘yicha yetaki davlatlar quyidagilar:

1. Chili (20,6 mlrd dollar);

2. Germaniya (15,10 mlrd dollar);

3. Xitoy (14,04 mlrd dollar);

4. Yaponiya (13,37 mlrd dollar);

5. AQSH (12,22 mlrd dollar);

6. Zambiya (7,59 mlrd dollar);

7. Italiya (5,94 mlrd dollar);

8. Polsha (5,84 mlrd dollar);

9. Janubiy Koreya (5,76 mlrd dollar);

10. Rossiya (5,24 mlrd dollar).

Avvalroq ham mis narxi 4 yillik sukunatdan so‘ng keskin o‘sa boshlagani haqdida tahliliy maqola e’lon qilgan edik.

Teglar

Mavzuga oid