add

Xavotirga o‘rin yo‘qmi? IIV yo‘llaridagi kameralar internetda ochiq qolganini rad etdi

Bugun 19:183073 daqiqa

Vazirlik tizimning 3 bosqichli himoyaga ega ekanini ma’lum qildi.

Xavotirga o‘rin yo‘qmi? IIV yo‘llaridagi kameralar internetda ochiq qolganini rad etdi

Avvalroq, Kiberxavfsizlik bo‘yicha tadqiqotchi Anurag Senning ma’lumotlariga tayanib, AQSHning «TechCrunch» nashri O‘zbekiston bo‘ylab o‘rnatilgan yuzlab yuqori aniqlikdagi kameralar tomonidan to‘plangan ma’lumotlar bazasi internetda hech qanday parolsiz ochiq qolgani haqida yozgan edi.

Nashr bazada avtomobil raqamlari, haydovchilar va yo‘lovchilarning yuzlari aks etgan millionlab kadrlar mavjudligini da’vo qilgan edi. Tadqiqotchi ayrim haydovchilarning harakat yo‘nalishi olti oy davomida muntazam kuzatganini aytgan. Unga ko‘ra, mazkur tizimda huquqbuzarliklarni real vaqtda kuzatish imkonini beruvchi maxsus panel bor.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mazkur maqolada keltirilgan iddaolarni qat’iyan rad etdi. Vazirlikning ta’kidlashicha, hududlarda o‘rnatilgan foto va video qayd etish texnik vositalari tadbirkorlik va boshqa sub’ektlar tomonidan qayd etiladi va aniqlangan hodisalar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi – «Ma’muriy amaliyot» moduliga yuboriladi. Mazkur axborot tizimlari 3 bosqichli kiberxavfsizlik ekspertizalaridan o‘tkazilib, xavfsizlik tartibi ta’minlanishi kafolatlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21-aprel kunidagi 232-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi dasturiy-texnik vositalariga doir texnik talablar»iga ko‘ra:

  • qayd etilgan transport vositasining 3 holatdagi fotosurati (transport vositasi, uning davlat raqami belgisi, qoidabuzarlik sodir etilgan holatning umumiy ko‘rinishi);

  • qoidabuzarlik qayd etilgan vaqt (kun, soat, daqiqa);

  • transport vositasining tezligi (km/h);

  • qoidabuzarlik aniqlangan manzil (tuman (shahar), ko‘cha, avtomobil yo‘lining kilometri yoki mo‘ljal);

  • qoidabuzarlik aniqlangan manzilning GPS koordinatasi;

  • holat aks etgan 6-10 soniyadan iborat videolavha va uning havolasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Ma’muriy amaliyot” moduliga taqdim etilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi orqali aniqlangan qoidabuzarliklarni huquqbuzar «Jarima solish to‘g‘risidagi qaror»dagi QR-kod orqali qoidabuzarlikning video lavhalari va foto suratlarini cloud.yhxx.uz veb-sahifasi orqali ko‘rish imkoniyati yaratilgan.

Ma’lumot uchun, cloud.yhxx.uz veb-sahifasi fuqarolarga o‘z jarimalarini elektron ko‘rinishda ko‘rish imkonini berish uchun ishlab chiqilgan. Ushbu sahifaga kirish maxsus, unikal tarzda generatsiya qilingan havola orqali amalga oshiriladi.

Fuqaro ushbu havolaga QR-kodni skanerlash orqali yoki maxsus mobil ilovalar orqali kirib, faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan jarima haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin. Bunda, huquqbuzar tizimga internet tarmog‘i orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri, login va parolsiz, faqat berilgan havola orqali kiradi.

«Shuni alohida ta’kidlash lozimki, qoidabuzarliklarning video lavhasida hech qanday shaxsga doir ma’lumotlar mavjud emas», — deyiladi munosabatda.

Shuningdek, maqolada foto video qayd etish tizimidagi zaiflik to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jamoat xavfsizligi departamentiga xat bilan murojaat qilingani, biroq javob berilmagani haqida so‘z boradi. Biroq Ichki ishlar vazirligi hamda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yuqoridagi mazmundagi murojaat kelib tushgani aniqlanmagan.

Shu bilan birga, joriy yil 17-dekabr kuni «Kiberxavfsizlik markazi» DUKga cloud.yhxx.uz veb-resursida zaifliklar borligi hamda shaxsga doir ma’lumotlar ochiq holda qoldirilgani to‘g‘risida Zack Whittaker zack.whittaker@techcrunch.com’dan murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaat o‘rganilib, unda keltirilgan zaifliklar va shaxsga doir ma’lumotlar aniqlanmagani haqida murojaat muallifiga javob xati berilgan.

Maqoladagi holatlarga aniqlik kiritish maqsadida, mutaxassislar tomonidan platformaning xavfsizlik mexanizmlari o‘rganilgan va belgilangan xavfsizlik normalariga to‘liq javob berishi aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, qoidabuzarliklarni aniqlovchi foto video qayd etuvchi qurilmalar o‘rnatilgan lokatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumot ochiq hisoblanib, ushbu ma’lumotlar ochiq manbalarda, online-xaritalarda va antiradar qurilmalarida yangilanib boriladi.

Teglar

Mavzuga oid

Xavotirga o‘rin yo‘qmi? IIV yo‘llaridagi kameralar internetda ochiq qolganini rad etdi | Vaqt.uz