add

Bir yilda ish joylarida 212 nafar xodim halok bo‘lgan

Bugun 15:352282 daqiqa

O‘zbekistonda 2025 yil davomida ishlab chiqarish bilan 731 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan.

Bir yilda ish joylarida 212 nafar xodim halok bo‘lgan

2025 yil davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarish jarayonida 731 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lib, 813 nafar xodim turli darajada jabr ko‘rgan. Ushbu hodisalar oqibatida 212 nafar ishchi hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jurayev ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, baxtsiz hodisalar natijasida 535 nafar shaxs og‘ir, 26 nafar esa yengil tan jarohatlari olgan. Eng ko‘p hodisalar qurilish sohasiga to‘g‘ri kelib, ushbu tarmoqda 198 ta holat qayd etilgan. Shuningdek, yengil sanoatda 43 ta, transportda 36 ta, qishloq xo‘jaligida 35 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Qolgan holatlar boshqa sohalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tekshiruvlar jarayonida ishlab chiqarishda mehnat va texnika xavfsizligi talablari buzilgan 2 372 ta holat aniqlangan. Ushbu qoidabuzarliklar uchun mansabdor shaxslarga nisbatan qariyb 1 milliard so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llangan, 196 ta holat bo‘yicha esa jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Yil boshidan buyon baxtsiz hodisalar sabab xodimlar va ularning oila a’zolari foydasiga 6,1 milliard so‘m kompensatsiya mablag‘lari undirib berilgan. Shu bilan birga, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 13 ming nafar xodimning to‘lanmagan ish haqlari bo‘yicha 159 milliard so‘m mablag‘ni undirish ta’minlangan.

Marat Jurayevning ta’kidlashicha, mehnat huquqlari buzilishi holatlari ko‘pincha davlat byudjeti hisobidan faoliyat yurituvchi tashkilotlarda, jumladan, hokimiyatlar, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida kuzatilmoqda. Ayni paytda mehnat qonunchiligini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun sun’iy intellekt asosida onlayn maslahat tizimini joriy etish ustida ishlar olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil boshidan buyon O‘zbekistonda yong‘inlar oqibatida 67 kishi halok bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid