
2025 yilda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar ortidan 1,9 trln so‘m o‘g‘irlandi
Joriy yilda kriptoaktivlar aylanmasi bilan bog‘liq 2 mingdan ziyod jinoyat fosh etildi va shu orqali 76 mlrd so‘m mablag‘ning mamlakatdan noqonuniy chiqib ketishiga chek qo‘yildi.

2025 yilda kiberjinoyatlar O‘zbekistonda eng dolzarb xavflardan biriga aylandi. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashrapov 23-dekabr kungi matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, joriy yilda kiberjinoyatchilar fuqarolarning 1,9 trln so‘m mablag‘ini noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirgan.
«Oxirgi besh yil ichida mamlakatda kiberjinoyatlar soni 11 barobarga oshib, 4 865 tadan 62 440 taga yetgan. Ushbu jinoyatlar natijasida fuqarolarga jami 3,73 trln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Shu summaning qariyb yarmi — 1,89 trln so‘mi joriy yilning 11 oyiga to‘g‘ri keladi» dedi Ashrapov.
Kiberjinoyatlarning oldini olish maqsadida maxsus raqamli laboratoriya tashkil etilgan. Shu doirada bank kartalaridan noqonuniy pul yechishga xizmat qilgan 483 ta eng xavfli fishing dasturi aniqlanib, ularning faoliyati to‘xtatilgan.
Kriptoaktivlar aylanmasi bilan bog‘liq 2 424 ta jinoyat fosh etilib, natijada 76 mlrd so‘m mablag‘ning mamlakat hududidan chiqib ketishiga yo‘l qo‘yilmagan. Shuningdek, firibgarlikka va jamoat tartibiga tahdid soluvchi minglab internet-resurslar ham bloklangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning dastlabki olti oyida mamlakatda sodir etilgan jinoyatlarning 42 foizi kiberjinoyatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.





