
«Dadajon», «qardoshim», «do‘stim», «Prezidentim»: Mirziyoyevni 68 yoshi bilan kimlar tabrikladi?
24.07.2025 | 23:31382711 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev 68 yoshga to‘ldi. Davlat rahbariga yo‘llangan 40 dan ortiq tabrikda nimalar yozilgan?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 24 iyul kuni 68 yoshni qarshi oldi. Mazkur tavallud kun munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukumatlar, parlamentlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar rahbarlari, taniqli jamoat, din va sport arboblaridan Shavkat Mirziyoyev nomiga samimiy qutlovlar kelmoqda.
Maktublarda O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida aholi farovonligini oshirish, mamlakat barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlash, uning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan ortga qaytmas siyosiy islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar dasturini samarali amalga oshirish borasida erishilgan yuksak natijalar qayd etilgan.
Prezidentga mustahkam sog‘lik va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Mirziyoyevga yo‘llagan tabrigida O‘zbekiston rahbarini oqilona va uzoqni ko‘ra biladigan rahbar sifatida e’tirof etgan. To‘qayev Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston bilan yaxshi qo‘shnichilik va har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qat’iy intilishini chin dildan qadrlashini ta’kidlagan. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Prezident Mirziyoyev boshlagan islohotlar – davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, yoshlar va xotin-qizlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish, hududlarni rivojlantirish, qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin aloqalarni mustahkamlash o‘z samarasini berayotganini qayd etgan. Japarov qardosh xalqlar o‘rtasidagi yaqin va do‘stona munosabatlar, shuningdek, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik bundan buyon ham izchil mustahkamlanib, rivojlanib borishiga ishonch bildirgan. Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham barcha davlat rahbarlari kabi Prezident Mirziyoyevga mustahkam sog‘lik va ulkan zafarlar tilagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva otasi u uchun har doim donishmandlik va kuch-qudrat timsoli bo‘lib kelganini, otasining cheksiz mehridan quvvat olib ulg‘ayganini ta’kidladi.
«Dadajon! Tun-u kun Sizning o‘y-xayolingiz nimalar bilan band ekanini yaxshi bilaman. Siz xalqimiz uchun yashayapsiz. Umringizni shu yurtga, uning tinchligi, odamlar farovonligiga bag‘ishlagansiz. Chunki Siz faqat oilamizning emas, butun bir millatning otasisiz. Men Sizning bemisl mehr-muhabbatingiz, fidoyi xizmatlaringiz, barcha mashaqqatlarni yengishda ko‘rsatayotgan matonatingiz oldida bosh egaman. Allohdan faqat bir narsani so‘rayman – Sizni doim O‘z panohida asrasin. Men uchun. Hammamiz uchun... Siz dunyoga kelgan kun barchamizga muborak bo‘lsin, dadajon”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva.Xitoy rahbari Si Jinping Mirziyoyev O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida e’tibor qaratishini aytdi. Aliyev o‘z tabrigida Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat tufayli O‘zbekiston har tomonlama rivojlanib, barcha sohalarda salmoqli yutuqlarga erishgani, iqtisodiy salohiyatini mustahkamlab, xalqaro maydonda katta obro‘-e’tibor qozonganini ta’kidlagan. Erdo‘g‘an O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqligini aytdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi sobiq rahbari Komil Allamjonov ham tabriklaganlar orasida bor. U o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Prezidentga shunday so‘zlar bilan murojaat qilgan: «Tug‘ilgan kuningiz muborak bo‘lsin – eng adolatli muhtaram Prezident! Baxtimizga dunyo turguncha turing! Siz qurayotgan erkin millat poydevori yanada mustahkam, yo‘llari ravon bo‘lsin!» Umuman olganda, qo‘yidagi yetakchilar Shavkat Mirziyoyevga o‘z tabriklarini yo‘llagan:
- Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin,
- Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Jinping,
- Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev,
- Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov,
- Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon,
- Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov,
- Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov,
- Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev,
- Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko,
- Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an,
- Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy,
- Koreya Respublikasi Prezidenti Li Je Myong,
- Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux,
- Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella,
- Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar,
- Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich,
- Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident devoni raisi Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon,
- Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon,
- Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev,
- Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan,
- Shanhay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayev,
- Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Qubanichbek O‘muraliyev,
- Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bosh kotibi Sergey Lebedev,
- Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Xon,
- Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati Raisi Baqitjan Sag‘intayev,
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso,
- Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef,
- Yevroosiyo taraqqiyot banki boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov,
- Xitoy eksport-import banki boshqaruvi raisi Chen Xuayuy,
- Ipak yo‘li fondi raisi Ju Jyun,
- Moskva va Butun Rus patriarxi Kirill,
- Kavkaz musulmonlar idorasi raisi Ollohshukur Poshshozoda,
- Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer,
- Yevroparlamentning Fransiyadan saylangan deputati Terri Mariani,
- AQSH Kongressi a’zolari Trent Kelli va Kerol Miller,
- Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov,
- Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov,
- Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm.





