«Pul ish bermadi». Ilon Mask qo‘llagan nomzodlarning deyarli barchasi saylovda yutqazdi
Saylovchilarning demokratik nomzodlarni ommaviy qo‘llab-quvvatlashi milliarderlar va texnologiya kompaniyalarining katta xarajatlaridan ham ustun keldi. Saylov natijalaridan keyin Mask kompaniyalarining aksiyalari ham tushdi.
© Foto: Sky NewsIlon Mask AQSH Kongressiga bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlar kampaniyasida nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash uchun tarixdagi eng katta mablag‘lardan birini sarfladi. Ammo saylov natijalari bu xarajatlar kutilgan natijani bermaganini ko‘rsatdi.
Mask moliyaviy yordam bergan 43 nafar respublikachidan faqat uch nafari Vakillar palatasiga saylandi. 33 nafari mag‘lub bo‘ldi. Qolgan yetti nomzod esa ovozlar hali sanalayotgan okruglarda demokratik raqiblaridan ortda qoldi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
Mask Senatga saylanish uchun kurashgan yetti nafar nomzodni ham qo‘llab-quvvatlagan. Ularning olti nafari saylovda yutqazdi. Alyaskada esa demokrat Meri Peltola ovozlarning 77 foizi hisoblab bo‘linganidan keyin kichik farq bilan oldinda bormoqda. Mask o‘z kompaniyalari — «SpaceX» va «Tesla» shtab-kvartirasini Kaliforniyadan Texasga ko‘chirgan edi. Biroq bu shtatda ham u qo‘llab-quvvatlagan nomzodlar saylovda mag‘lub bo‘ldi. Mask janjallar markazida qolgan respublikachӣ Ken Pekstonni qo‘llab-quvvatlash uchun 230 million dollar, gubernatorlik saylovi uchun esa yana 5 million dollar sarflagan. Shunga qaramay, Texasdan Senatga demokrat Jeyms Talariko, gubernatorlikka esa Jina Inoxosa saylandi.
Yarim milliard dollar ham Maskka saylovda g‘alaba keltirmadi
«OpenSecrets» saylov kampaniyalarini moliyalashtirishni kuzatib boruvchi tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Maskning o‘zi faqat Kongress saylovlari uchun 445 million dollar sarflagan. Uning umumiy xarajatlari esa bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. «Reuters» bilan suhbatlashgan, bu xarajatlardan xabardor manbaning aytishicha, milliarder notijorat tashkilotlari orqali ham o‘nlab million dollar sarflagan. Shuningdek, shtatlar va mahalliy darajadagi saylovlarga ham mablag‘ ajratgan.
«Financial Times» ma’lumotlariga ko‘ra, Maskning saylovlarga sarflagan umumiy mablag‘i 470 million dollardan oshgan. Yirik texnologiya kompaniyalarining saylov kampaniyalari uchun sarflagan mablag‘larini muvofiqlashtirgan siyosiy maslahatchilardan biri nashrga shunday degan:
«Pul ish bermadi. Ilon Mask yarim milliard dollar sarfladi, ammo o‘zi qatnashgan barcha saylovlarda mag‘lub bo‘ldi».
Maskdan tashqari, Kremniy vodiysidagi boshqa milliarderlar ham respublikachilar nomzodlarining saylov kampaniyalariga 600 million dollardan ortiq mablag‘ kiritgan. Biroq bu katta xarajatlar saylovchilarning noroziligiga duch keldi. Bunga sun’iy intellekt uchun yirik ma’lumotlar markazlarining ommaviy qurilishi, inflatsiyaning yuqoriligi va Eron bilan urush sabab bo‘lgan.
NBC telekanali o‘tkazgan saylovdan chiqish so‘rovida ishtirokchilarning aksariyati ma’lumotlar markazlari qurilishini o‘z tanloviga ta’sir ko‘rsatgan muhim omillardan biri deb atagan. Siyosiy maslahatchining fikricha, saylovchilarning demokratik nomzodlarni ommaviy qo‘llab-quvvatlashi milliarderlar va texnologiya kompaniyalarining katta xarajatlaridan ham ustun kelgan.
Bundan tashqari, ko‘plab amerikaliklar yirik texnologiya kompaniyalarining hukumat bilan yaqin aloqalaridan ham norozi. Ularning fikricha, 2024-yilgi prezidentlik saylovlaridan oldin va keyin Donald Trampni faol qo‘llab-quvvatlagan kompaniyalar uning ma’muriyatidan foydali shartnomalar va turli yengilliklarga ega bo‘lgan.
«Tech Oversight Project» notijorat tashkiloti rahbari Sasha Xovortning ta’kidlashicha, texnologiya kompaniyalari rahbarlari saylovlarga yuzlab million dollar sarflagan bo‘lsa-da, ularning urinishlari natija bermagan.
«Amerikaliklar ularning korrupsiyaviy ta’sirini va ular bilan bog‘liq nomzodlarni rad etdi», — degan u.
Texasdan Senatga saylangan demokrat Jeyms Talariko ham g‘alabasidan keyingi nutqida yirik puldorlarga murojaat qildi.
«Biz bugun har bir millioner va trillioner homiyga, shuningdek, buzilgan siyosiy tizimni himoya qilayotgan korrupsiyaga aralashgan shaxslarga aniq signal berdik. Bu shtatda ham, butun mamlakatda ham hokimiyat xalq qo‘lida», — dedi u.
Mask Talarikoga qarshi 153,5 million dollarlik reklama kampaniyasini tashkil qilgan edi. Demokrat o‘zini va Maskni Bibliyadagi Dovud va Jolutga qiyosladi.
«Bugun biz Jolutni mag‘lub etdik», — dedi u.
Mask esa 4-noyabr kuni ertalab X ijtimoiy tarmog‘ida hazilomuz post qoldirdi:
«Shunday ko‘rinadiki, saylovlarga aralashish uchun mo‘ljallangan kosmik lazerlarim bu safar ish bermadi».
Maskning kompaniyalarini yangi Kongress tekshiruvga olishi mumkin
Saylov natijalaridan keyin Mask kompaniyalarining aksiyalari ham arzonlashdi. 4-noyabr kuni «SpaceX» aksiyalari 3,9 foizga, «Tesla» aksiyalari esa 3,3 foizga pasaydi. 5-noyabr kuni ertalab esa ularning qiymati mos ravishda yana 7 va 9 foizga tushdi.
Bunga investorlarning Kongressda nazorat demokratik partiya qo‘liga o‘tganidan keyin Mask biznesiga nisbatan tekshiruvlar kuchayishidan xavotir olayotgani sabab bo‘ldi.
Xususan, yangi Kongress Maskning Starlink sun’iy yo‘ldosh internet xizmati, ma’lumotlar markazlari qurish loyihalari va uning Tramp ma’muriyati hamda Texas rasmiylari bilan aloqalarini tekshirishi mumkin. Boston kollejining siyosatshunoslik professori Devid Xopkinsning «Reuters»ga aytishicha, ko‘plab demokratlar Maskni respublikachilarning asosiy moliyaviy homiylaridan biri deb biladi. Shu sababli uning siyosiy faoliyati va kompaniyalariga munosabat o‘zgarishi mumkin.
Professorning fikricha, Maskning eng zaif tomoni — uning avval Tramp ma’muriyatida Davlat boshqaruvi samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari sifatida ishlagani va kompaniyalari davlat bilan bevosita bog‘liq ekanidir.
Ayrim tekshiruvlar esa allaqachon boshlangan. Oktyabr oyida Vakillar palatasi va Senatning tekshiruv qo‘mitalaridagi demokratlar «SpaceX», AQSH Mudofaa vazirligi va Oq uyga xat yuborib, Starlink xizmati Ukraina harbiylari uchun internet tezligini pasaytirgani yuzasidan ma’lumot talab qilgan. Bu masala yangi Kongress faoliyati davomida ham o‘rganilishi kutilmoqda.





