Logo

Texnogen ofatlarda halok bo‘lganlar oilalariga 220 mln, jarohat olganlarga 88 mln so‘mgacha yordam puli beriladi

O‘zbekistonda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatida aholining hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga yetkazilgan zararni baholash hamda qoplashning yangi tartibi joriy etildi.

Texnogen ofatlarda halok bo‘lganlar oilalariga 220 mln, jarohat olganlarga 88 mln so‘mgacha yordam puli beriladi © ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar (transport avariyalari, yong‘in va portlashlar, binolarning qulashi) oqibatida aholiga yetkazilgan zararni baholash va qoplash tartibi rasman belgilandi.

Hukumatning 2026 yil 3-noyabrdagi 606-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga quyidagilar kiradi:
 
— transport avariyalari va halokatlari;
— kimyoviy xavfli va yong‘in-portlash xavfi mavjud bo‘lgan obyektlar;
— energetika va kommunal tizimlaridagi avariyalar;
— bino konstruksiyalarining to‘satdan buzilishi va boshqalar.

Quyidagi holatlarda jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zarar tegishli tuman (shahar) hokimligi  huzuridagi Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash jamg‘armasidan to‘lab beriladi:
 
— sud tomonidan favqulodda vaziyat uchun aybdor shaxslar aniqlangungacha bo‘lgan davrda;
 
— belgilangan muddatda favqulodda vaziyat uchun aybdor deb topilgan yuridik shaxslar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan to‘liq qoplash imkoni bo‘lmagan hollarda.
 
Jabrlangan shaxslar favqulodda vaziyat yuzaga kelgan kundan boshlab 30 kun mobaynida belgilangan shakldagi arizani to‘ldirgan holda tegishli komissiyaga taqdim etadilar.
 
Komissiya dalolatnomasiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qarorlari asosida quyidagi shaxslarga aybdor deb topilgan yuridik shaxslar yoki ularning mansabdor shaxslari hisobidan 1-martalik moddiy yordam puli to‘lab beriladi:
 
— favqulodda vaziyat oqibatida halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i, bolalari, ota-onalari va qaramog‘idagi shaxslar) uchun har bir oila a’zosiga teng ulushda – BHMning 500 baravarigacha miqdorida;
 
— favqulodda vaziyat oqibatida og‘ir tan-jarohati olgan fuqarolarga – BHMning 200 baravarigacha, o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati olgan fuqarolarga – BHMning 150 baravarigacha hamda yengil tan jarohati olgan fuqarolarga – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorda.

Teglar

Mavzuga oid