Markaziy Osiyo foydali qazilmalar xazinasi ustida o‘tiribdi. Ammo undan kim boyiydi?
Dunyo mamlakatlari mintaqaning tabiiy boyliklariga qiziqish bildirmoqda. Biroq mintaqa oldida muhim vazifa turibdi: faqat xomashyo sotish bilan cheklanmasdan, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish orqali ham daromad olish.
© Foto: uzbekistan.org«Modern Diplomacy» nashrining yozishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari ham shunday muammoga duch kelishi mumkin. Hozir dunyo davlatlari muhim foydali qazilmalar manbalarini qo‘lga kiritish uchun raqobatlashmoqda. Qozog‘iston, O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari akkumulatorlar, qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari, zamonaviy texnika va mudofaa sanoati uchun zarur bo‘lgan ko‘plab mineral zaxiralariga ega.
«Tasavvur qiling, mamlakatda katta oltin koni bor. Ammo bu oltindan taqinchoqlar, elektronika yoki boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish uchun uni xorijga yuborishga to‘g‘ri keladi. Chunki mamlakatda bu ishni amalga oshirish uchun zarur texnologiya va zavodlar yo‘q. Natijada tabiiy boylik bir davlatda qoladi, uni qayta ishlashdan tushadigan asosiy daromad esa boshqa davlatga ketadi», — deyiladi xabarda.
Yirik davlatlar xomashyo yetkazib berishda bir nechta mamlakatga qaram bo‘lib qolmaslik uchun yangi manbalarni izlamoqda. Shu sababli Markaziy Osiyoga qiziqish ham ortib bormoqda.
Biroq bu yerda muhim savol bor: Markaziy Osiyo o‘z tabiiy boyliklari asosida sanoatini rivojlantira oladimi yoki boshqa mamlakatlarga xomashyo yetkazib berish bilan cheklanib qoladimi?
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) 2026-yilgi hisobotiga ko‘ra, Markaziy Osiyo marganets, xrom, qo‘rg‘oshin, rux va boshqa muhim minerallarning katta zaxiralariga ega.
Qozog‘iston uran qazib olish bo‘yicha dunyoda yetakchi davlat hisoblanadi. O‘zbekistonda ham misning yirik zaxiralari mavjud. Bu resurslar nafaqat tabiiy boylik, balki mamlakatlarda yangi zavodlar qurish, ishlab chiqarishni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish uchun ham katta imkoniyatdir.
Ammo yer osti boyliklariga egalik qilish ulardan keladigan barcha daromad ham mamlakatda qoladi degani emas. Masalan, kondan ruda qazib olish ishning birinchi bosqichi hisoblanadi. Uni qayta ishlash, kerakli minerallarni ajratib olish va tayyor mahsulot ishlab chiqarish esa ancha murakkab jarayon. Buning uchun zamonaviy texnologiyalar, malakali mutaxassislar va katta sarmoya kerak.
Agar mamlakat faqat xomashyo sotib, undan tayyorlangan qimmat mahsulotlarni xorijdan sotib olsa, iqtisodiyotdagi asosiy qo‘shimcha qiymat boshqa davlatlarda yaratiladi. Bunday holatda xomashyo eksport qiluvchi mamlakat ma’lum miqdorda daromad va ish o‘rinlariga ega bo‘ladi, ammo zamonaviy texnologiyalar va ishlab chiqarish imkoniyatlarini rivojlantira olmaydi.
Xorijiy investorlar raqobati: Markaziy Osiyo qanday shart qo‘yishi kerak?
Nashrga ko‘ra, bu masala yirik davlatlar o‘rtasidagi raqobat tufayli yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xitoy muhim minerallarni qayta ishlash va ularni jahon bozoriga yetkazib berish sohasida katta mavqega ega. AQSH va Yevropa davlatlari esa xomashyo yetkazib berish manbalarini ko‘paytirishga harakat qilmoqda.
Janubiy Koreya ham Markaziy Osiyo resurslarini o‘zining sanoat imkoniyatlari bilan bog‘lashdan manfaatdor. 2026-yilning sentabr oyida bo‘lib o‘tgan birinchi Koreya — Markaziy Osiyo sammitida muhim foydali qazilmalar va sanoat uchun xomashyo yetkazib berish masalalari ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kiritildi.
Bunday raqobat mintaqadagi davlatlarga xorijiy investorlar bilan muzokaralarda yaxshiroq shartlar qo‘yish imkonini beradi. Ammo bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanish kerak. Aks holda, mamlakatlar xomashyoni qazib olishga ruxsat berib, uni qayta ishlashdan keladigan asosiy foydadan quruq qolishi mumkin.
Masalan, Qozog‘iston kamyob yer metallarini qayta ishlashni rivojlantirishga harakat qilmoqda. Ammo bunday minerallarni yer ostidan qazib olishning o‘zi yetarli emas. Ularni alohida elementlarga ajratish va zamonaviy sanoat talablariga mos holatga keltirish uchun maxsus texnologiyalar, tajribali mutaxassislar va katta mablag‘ talab etiladi.
Nashr agar bu imkoniyatlar mamlakatning o‘zida bo‘lmasa, qazib olingan xomashyoni qayta ishlash uchun xorijga yuborishga to‘g‘ri kelishini yozdi. Natijada resurslarga boy mamlakatlar chet eldagi qayta ishlash korxonalariga qaram bo‘lib qoladi.
Bu muammoning yechimi xorijiy sarmoyalardan voz kechish emas. Shuningdek, qayta ishlashning barcha bosqichlarini birdaniga mamlakatning o‘zida yo‘lga qo‘yish ham oson emas. Chunki zamonaviy sanoatni rivojlantirish uchun katta mablag‘, texnologiya va vaqt kerak.
Shuning uchun Markaziy Osiyo davlatlari xorijiy kompaniyalar bilan shartnoma tuzishda faqat konlarni qazib olish huquqini berish bilan cheklanmasligi lozim. Imkon qadar bunday kelishuvlarda xomashyoni mahalliy korxonalarda qayta ishlash, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va yangi texnologiyalarni mamlakatga olib kirish kabi shartlar ham bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, davlatlar investitsiya loyihalarining ochiqligini ta’minlashi, atrof-muhitni muhofaza qilishi va tabiiy boyliklardan tushgan daromadlarni to‘g‘ri boshqarishi zarur. Shunda bu boyliklardan keladigan foyda faqat yirik kompaniyalar yoki davlat budjetiga emas, mahalliy aholiga ham xizmat qiladi.
Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda harakat qilishi kerak
Mintaqa mamlakatlari o‘zaro hamkorlikni ham kuchaytirishi lozim. Ular xorijiy investorlarni jalb qilish uchun bir-biri bilan raqobatlashish o‘rniga, umumiy infratuzilma yaratishi, texnik standartlarni muvofiqlashtirishi va sanoat yo‘nalishlarini o‘zaro taqsimlashi mumkin.
Masalan, bir mamlakatda xomashyo qazib olinsa, boshqasida uni qayta ishlash, yana birida tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Umumiy qayta ishlash zavodlari va mamlakatlar o‘rtasidagi ishlab chiqarish zanjirlari loyihalarni iqtisodiy jihatdan samaraliroq qiladi. Bu, shuningdek, mintaqaning xorijiy investorlar bilan muzokaralardagi mavqeini mustahkamlaydi.
Tabiiy boyliklarga bo‘lgan talabning ortishi mamlakatlarning avtomatik ravishda boyib ketishini anglatmaydi. Jahon bozorida xomashyoga talab pasayishi, yirik loyihalar amalga oshmay qolishi yoki zamonaviy texnologiyalardan olinadigan asosiy foyda boshqa davlatlarda to‘planishi mumkin.
Dunyoda toza energiyaga o‘tish jarayoni ham eski muammoni takrorlashi ehtimoli bor. Ya’ni Markaziy Osiyo mamlakatlari litiy va boshqa minerallarni xomashyo sifatida eksport qiladi, ulardan tayyorlangan akkumulatorlar va boshqa qimmat mahsulotlarni esa xorijdan sotib oladi. Agar bugundan to‘g‘ri iqtisodiy siyosat yuritilmasa, kelajakda ham bunday qaramlik saqlanib qolishi mumkin.
Manbaning qayd etishicha, Markaziy Osiyoda bu holatni o‘zgartirish uchun imkoniyat bor. Ammo dunyo e’tiborini jalb qilishning o‘zi yetarli emas. Asosiy vazifa — xorijiy sarmoya va qiziqishdan foydalanib, mintaqada zamonaviy sanoatni rivojlantirish.
Markaziy Osiyo faqat tonna-tonna litiy sotib, evaziga tayyor akkumulatorlarni konteynerlarda import qilish bilan cheklanmasligi kerak. Aks holda, mintaqa o‘z tabiiy boyliklarini boshqa davlatlar sanoatini rivojlantirish uchun yetkazib beradi va keyin o‘sha resurslardan tayyorlangan mahsulotlarni yana qimmat narxda sotib oladi.
«Zero, konga egalik qilishning o‘zi yetarli emas. Agar zavodlar, texnologiyalar va asosiy daromad boshqa davlatlar qo‘lida bo‘lsa, tabiiy boyliklarga egalik qilishdan keladigan iqtisodiy foyda ham cheklangan bo‘lib qoladi», — deydi nashr.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qiymati 5 mlrd dollarlik «Gaz halqasi» Markaziy Osiyoning energetik xavfsizligini qanday mustahkamlashi haqida yozgan edik.





