132 ta qurilish kompaniyasining shartnomasida xaridorlar huquqini cheklovchi bandlar aniqlandi
Ayrim shartnomalarda xaridor bitimni bekor qilsa, to‘lagan pulining 4–15 foizini ushlab qolish yoki mablag‘ni xonadon boshqa xaridorga sotilgandan keyingina qaytarish sharti belgilangan. Shuningdek, quruvchiga uy narxini bir tomonlama oshirish imkoniyati berilgan, qurilish kechiktirilgan taqdirda esa kompaniya uchun jarima nazarda tutilmagan.
© Foto: ForbesRaqobat qo‘mitasi 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida qurilish sifati va xonadonlarning o‘z vaqtida topshirilmagani yuzasidan fuqarolardan 1 ming 700 dan ortiq murojaat olgan. Murojaatlarni o‘rganish davomida 132 ta qurilish tashkiloti bilan tuzilgan shartnomalarda xaridorlar manfaatiga zid bandlar borligi aniqlangan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rilgan choralar natijasida iste’molchilar foydasiga qariyb 14,5 mlrd so‘mlik qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.
Qaysi hududlarda shartnomalar o‘rganilgan?
Tekshiruv doirasida turarjoy qurilishida ulushli ishtirok etish bo‘yicha 132 ta shartnoma tahlil qilingan. Ularning eng ko‘pi Toshkent shahridagi qurilish tashkilotlariga to‘g‘ri keladi. Hududlar kesimida natijalar quyidagicha:
№ | Hudud nomi | Soni (ta) |
1 | Toshkent shahri | 17 |
2 | Namangan viloyati | 15 |
3 | Navoiy viloyati | 15 |
4 | Toshkent viloyati | 15 |
5 | Buxoro viloyati | 13 |
6 | Surxondaryo viloyati | 13 |
7 | Farg‘ona viloyati | 10 |
8 | Xorazm viloyati | 10 |
9 | Andijon viloyati | 9 |
10 | Sirdaryo viloyati | 8 |
11 | Jizzax viloyati | 4 |
12 | Qashqadaryo viloyati | 3 |
Shartnomalarda qanday kamchiliklar aniqlangan?
O‘rganilgan shartnomalarning 77,3 foizida bitim bekor qilinganda xaridorga pulni qaytarish muddati aniq belgilanmagan yoki bu muddat dastlabki to‘lov shartlariga mos kelmagan. Yana 63,6 foizida xonadon topshirilgandan keyingi kafolat muddati ko‘rsatilmagan.
Shartnomalarning 54,5 foizida kafolat davrida aniqlangan nuqsonlarni quruvchi tomonidan bartaraf etish majburiyati belgilanmagan. 50,8 foizida esa qurilish muddati kechiktirilgan taqdirda quruvchi to‘lashi kerak bo‘lgan penya nazarda tutilmagan.
Bundan tashqari, shartnomalarning 33,3 foizida obyektni topshirishning aniq muddati ko‘rsatilmagan.
Qo‘mita yana ayrim shartnomalar faqat quruvchi manfaatlarini hisobga olganini qayd etgan. Bunday hujjatlar ulushi 59,1 foizni tashkil qilgan. Shartnomalarning 30,3 foizi davlat tilida emas, rus tilida tuzilgan. 49,2 foizida esa iste’molchilar huquqlarini cheklovchi boshqa shartlar aniqlangan.
Shartnomada xaridorlar uchun qanday cheklovlar bor?
Tekshiruvda ayrim qurilish kompaniyalari shartnomaga xaridor uchun noqulay talablarni ham kiritgani ma’lum bo‘lgan. Masalan, xaridor bitimni o‘z tashabbusi bilan bekor qilsa, to‘lagan mablag‘ining 4–15 foizini ushlab qolish belgilangan. Boshqa holatlarda esa pul faqat xonadon qayta sotilgandan keyin qaytarilishi belgilangan.
Shuningdek, ayrim shartnomalarda quruvchiga uy narxini bir tomonlama oshirish huquqi berilgan, xaridor uchun esa yuqori miqdorda penya belgilangan. Bunday shartlar tomonlarning huquq va majburiyatlari teng bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.
Qo‘mita aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli idoralarga takliflar kiritgan. Fuqarolarga xonadon sotib olishdan oldin shartnomani diqqat bilan o‘qib chiqish, ayniqsa, to‘lovni qaytarish, qurilish muddatlari va kafolat shartlariga e’tibor berish tavsiya etilgan. Shubhali yoki qonunchilikka zid bandlar bo‘lsa, huquqshunos bilan maslahatlashish lozim.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonda 3 ming 166 ta noqonuniy qurilish obyekti buzdirilgan. Shu davrda qurilish ishlari hajmi 339,3 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,3 foizga oshgan.





