
Elchi faqat siyosatchimas: Prezident oyligi oshgan elchilarga qat’iy talab qo‘ydi
Yig‘ilishda chet eldagi elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari, ular va Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining oyligi oshgani aytildi.

O‘zbekiston tarixida ilk bor tashqi savdo aylanmasi 80 milliard dollardan oshib, eksport hajmi 33,5 milliard dollarga yetdi. Shuningdek, jalb qilingan xorijiy investitsiyalar miqdori 43 milliard dollardan oshdi. Bu haqda bugun, 15-yanvar kuni o‘tkazilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
«Lekin barcha diplomatik vakolatxonalarimiz buni to‘g‘ri anglab, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solyaptimi? Diplomatik faoliyatni baholashning bitta o‘lchovi bor, u ham bo‘lsa – natija!Shu bois, hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi bu – investitsiya va texnologiyalar olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yo‘laklarini ishga soladigan, turistlar oqimini ko‘paytiradigan, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir», – dedi Prezident.
Yig‘ilishda chet eldagi elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari, ular va Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining oylik ish haqi ko‘paytirilgani qayd etildi. Endi elchilar faoliyat yuritayotgan davlatdan eksport tushumlari, turistlar oqimi, qonuniy ish joylariga fuqarolarni yuborish ular uchun KPI bo‘lishi belgilandi.
Prezident iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiyalar hajmini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Unga ko‘ra, iqtisodiy diplomatiya – yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish orqali inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy xavfsizlik esa davlat xavfsizligining asosiy poydevori hisoblanadi.





