add

Eldor Aripov: Dunyoda har 25 odamdan biri o‘z mamlakati tashqarisida yashab ishlayapti

02.10.2025 | 08:2046763

Sochi shahrida «Valday» xalqaro forumida Eldor Aripov global migratsiya jarayonlari va O‘zbekiston demografik salohiyati haqida chiqish qildi, yoshlarni iqtisodiy o‘sishga aylantirish strategiyasini ochiqladi.

Eldor Aripov: Dunyoda har 25 odamdan biri o‘z mamlakati tashqarisida yashab ishlayapti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov ma’lum qilishicha, BMT hisoblariga ko‘ra, dunyodagi har 25-odam o‘z mamlakati tashqarisida yashab, mehnat qilmoqda. Uning ta’kidlashicha, Yevroosiyoda aholi o‘sishi va keksayish jarayonlari turli davlatlarda asimmetrik yo‘nalishda kechayotgani demografik sinergiyaga sharoit yaratadi. Aripov O‘zbekiston misolida demografik o‘sishning iqtisodiyotga ta’sirini ko‘rsatdi: aholining 65 foizi yoshlar, har yili mehnat bozoriga 650–700 ming yosh chiqmoqda. Mamlakatning asosiy yo‘nalishi — inson kapitaliga sarmoya, raqamli savodxonlik va STEM ta’limni kuchaytirish. Bugun maktablarda 500 ming o‘quvchi matematika, axborot texnologiyalari va robototexnikaga ixtisoslashmoqda. Shuningdek, «virtual migratsiya» modeli rivojlanmoqda: 15 ta IT-parkda 3 mingdan ortiq rezident ishlab, raqamli xizmatlar eksporti 900 mln dollardan oshdi. Yoshlar startaplar orqali yangi iqtisodiyotni shakllantirmoqda. Aripov shuningdek, «aylanma migratsiya» konsepsiyasini qayd etdi: xorijda ishlab qaytgan fuqarolarga soliq va moliyaviy imtiyozlar beriladi. Faqat 2025 yilning o‘zida 700 mingdan ortiq mehnat migranti yurtga qaytgani qayd etildi. SMTI rahbari fikricha, migratsiya endi qisqa muddatli chora emas, balki milliy taraqqiyotning strategik asosi. U qo‘shma standartlar va shaffof mexanizmlar zarurligini ta’kidlab, bir tomonlama cheklovlar ishonchsizlikka olib kelishini qo‘shib o‘tdi.

Teglar

Mavzuga oid