Elektronika ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi mamlakatlar qaysi?
Jahon texnologik ta’minot zanjirining markazi Sharqiy Osiyoda joylashgan. Bu hududda yarimo‘tkazgich chiplari va displeylardan tortib, bosma platalar, smartfonlar va komputerlargacha bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqariladi.
© straitstimes.comJahon raqamli texnika ishlab chiqarish quvvatlarining qariyb beshdan uch qismi faqat Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Uning ishlab chiqarish ekotizimi smartfon va komputerlar, displeylar, bosma platalar hamda boshqa elektron komponentlar ishlab chiqarishni qamrab oladi.
Infografikada mamlakatlarning raqamli texnika sohasidagi jahon ishlab chiqarish quvvatlaridagi ulushi, shuningdek, asosiy ishlab chiqarish markazlaridagi elektronika sanoatining yirik kompaniyalari ko‘rsatilgan. Vizualizatsiya uchun ma’lumotlar «Ember» tashkiloti tomonidan tayyorlangan bo‘lib, 2024–2025-yillarni qamrab oladi.

Foto: Visual Capitalist
Xitoyning ulushi 58,8 foizni tashkil etadi — bu ikkinchi o‘rindagi Tayvanning 10,2 foizlik ko‘rsatkichidan qariyb olti baravar ko‘p. Xitoyning ishlab chiqarish quvvatlari reytingda ko‘rsatilgan qolgan barcha mamlakatlarning jami ulushidan ham yuqori.
Xitoy yangi besh yillik reja doirasida elektronika sanoatidagi mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. Rejada yarimo‘tkazgichlar, sun’iy intellekt va boshqa strategik ahamiyatga ega texnologiyalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Integral sxemalar ishlab chiqarishning butun zanjiriga, jumladan, chiplar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Pekin shu orqali G‘arb texnologiyalariga qaramlikni kamaytirishga intilmoqda. 2030-yilgacha ushbu yo‘nalishlar bilan bog‘liq tarmoqlarning umumiy operatsion daromadini 4,5 trillion dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Jahon ishlab chiqarish quvvatlarining yana 21,7 foizi Tayvan, Janubiy Koreya va Yaponiyaga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, to‘rtta yetakchi mamlakatning jami ulushi 80,5 foizni tashkil etadi. Ularning har biri jahon texnologik ta’minot zanjirida muhim o‘rin egallaydi. Tayvan yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish va elektronika yig‘ish bo‘yicha eng yirik markazlardan biri hisoblanadi. Janubiy Koreya, xususan, yarimo‘tkazgichlar va displeylar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yaponiya esa uzoq yillardan buyon shakllangan elektronika sanoatiga ega. Birgalikda ushbu iqtisodiyotlar yarimo‘tkazgichlar, elektron komponentlar va displeylar ishlab chiqarishdan tortib, tayyor texnika ishlab chiqarishgacha bo‘lgan zich mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirini tashkil etadi. Ushbu bozorlarda bosh qarorgohi joylashgan yirik kompaniyalar qatoriga TSMC, Foxconn, Samsung, BOE va Sony kiradi.
Sharqiy Osiyodagi to‘rtta yetakchi mamlakatdan tashqarida beshinchi o‘rinni Hindiston egallaydi — uning jahon ishlab chiqarish quvvatlaridagi ulushi 3,8 foizni tashkil etadi. Undan biroz ortda qolayotgan Vietnamning ko‘rsatkichi 3,6 foiz. Keyingi o‘rinda AQSH — 2,9 foiz.
Reytingdan Janubi-Sharqiy Osiyoning bir nechta mamlakatlari ham o‘rin olgan. Tailand hissasiga jahon ishlab chiqarish quvvatlarining 1,3 foizi, Singapurga 0,7 foizi, Malayziyaga 0,6 foizi va Indoneziyaga 0,3 foizi to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, mazkur ma’lumotlar to‘plamida Yevropaning eng yirik mamlakati bo‘lgan Germaniya hissasiga atigi 0,7 foiz to‘g‘ri keladi.





