add

Endi o‘zbekistonliklar o‘zlari to‘lagan soliqlar nimalarga sarflanayotganligini kuzatishi mumkin

02.12.2025 | 16:252342 daqiqa

2026 yildan «Ochiq budjet» portali ishga tushiriladi. Portal orqali fuqarolar o‘zlari to‘lagan soliqlar qaysi yo‘nalishlarga sarflanayotganini real vaqtda ko‘ra oladi.

Endi o‘zbekistonliklar o‘zlari to‘lagan soliqlar nimalarga sarflanayotganligini kuzatishi mumkin

2026 yildan fuqarolar «Ochiq budjet» portali orqali o‘zlari to‘lagan soliqlar qaysi yo‘nalishlarga sarflanayotganini real vaqtda ko‘ra oladi. Bu haqda Prezidentning 28-noyabrda qabul qilingan qarorida belgilab qo‘yildi.

Qarorga muvofiq, kelgusi yil 1-yanvardan «Ochiq budjet» axborot portalining yangi moduli ishga tushirilib, unda jismoniy shaxslar to‘lagan soliqlar hisobidan qilingan davlat xarajatlari aks ettiriladi. Yangilangan tizim orqali fuqarolar daromad solig‘i, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha to‘lovlari hamda ushbu soliqlar evaziga amalga oshirilgan xarajatlar tarkibini aniq ko‘ra oladi.

Modul orqali xarajatlar yo‘nalishlari kesimidagi ma’lumotlar doimiy yangilanib boriladi. Bu orqali davlat mablag‘larining shaffofligi oshishi, soliq to‘lovchilarning o‘z hissasi qay tarzda taqsimlanayotganini baholashi va budjet siyosatini kuzatib borishi uchun imkoniyat yaratiladi.

Yangi portal Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi. Fuqarolar modulga OneID orqali kirish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, 2026 yil fevraldan boshlab portal ovoz beruvchilar portretini qamrab olgan ma’lumotlar bazasi bilan ham boyitilishi belgilangan.

Qarorga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi bir oy muddatda soliq to‘lovchilarga oid ma’lumotlarni qonunchilik talablariga muvofiq avtomatik tarzda portalda shaxsiy ko‘rinishda shakllantirishni ta’minlashi lozim. Bu fuqarolarga o‘z soliq to‘lovlari va ular sarflangan yo‘nalishlar haqida aniq va ishonchli ma’lumot olish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq soliqdan qarzi borlarning elektr to‘loviga cheklov qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid