Energetika tizimini 2050 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi
2027 yildan mamlakatda uch yillik prognozlar va investitsiya rejalari joriy etiladi, shuningdek, kadrlar tayyorlashga 50 million dollargacha grantlar jalb etish rejalashtirilgan.
© Getty imagesShavkat Mirziyoyev 22-sentabr kuni yoqilg‘i-energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni belgilovchi farmonni imzoladi.
Hujjatda sohani rejalashtirishning yangi yondashuvlari nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, har yili avgust oyigacha Energetika vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energetika bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi bilan birgalikda uch yillik davr uchun energetika resurslariga bo‘lgan talab prognozlarini hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari kesimida tasdiqlaydi.
Ushbu prognozlar asosida iste’molchilarni energetika resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha uch yillik strategik reja ishlab chiqiladi. Prognoz va reja oktabr oyi oxirigacha e’lon qilinishi kerak.
Energetika sohasidagi investitsiya loyihalari oldindan rejalashtiriladi
Strategik reja asosida noyabr oyi oxirigacha soha uchun uch yillik investitsiya rejalari ishlab chiqiladi. Ularda istiqbolli energetika loyihalari, ularning asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, moliyalashtirish manbalari, zarur yer maydoni va investitsiya hajmi ko‘rsatiladi.
Investitsiya rejalari yil yakunigacha tasdiqlanib, e’lon qilinadi. Loyihaning buyurtmachisi — davlat hamkori — mahalliy va xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda loyiha hujjatlarini tayyorlashi, shundan so‘ng ochiq tanlov e’lon qilishi kerak.
Loyihalar doirasida individual imtiyoz va preferensiyalar berishga, shuningdek, investitsiya rejasiga kiritilmagan loyihalarni boshqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, qurilish yoki rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan paytda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va moliyalashtirish manbalarini izlash taqiqlanadi. Faqat xususiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar bundan mustasno.
2050 yilgacha energetikani rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi
Idoralar 2050 yilgacha iste’molchilarni energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash konsepsiyasini ham ishlab chiqishi kerak.
Konsepsiyada quyidagilar aks ettiriladi:
● yoqilg‘i-energetika resurslari sohasidagi salohiyat;
● demografik o‘zgarishlar, hududlarning ixtisoslashuvi va iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishini hisobga olgan holda energetika resurslariga uzoq muddatli talab prognozi;
● energetikani diversifikatsiya qilish va muqobil energiya manbalarini, jumladan, «yashil» va atom energetikasi hamda energiya saqlash tizimlarini joriy etish istiqbollari;
● energiya tejamkor, raqamli va innovatsion yechimlarni joriy etish, shuningdek, ekologik toza yangi avlod texnologiyalariga bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmlari;
● energetika xavfsizligi va mustaqilligini ta’minlash.
Hujjatni Vazirlar Mahkamasiga kiritish va uning tasdiqlangan variantini dekabrdan kechiktirmay e’lon qilish vazifasi qo‘yilgan. Konsepsiya har besh yilda yangilanadi.
Energetika sohasi uchun kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratiladi
Yana bir ustuvor yo‘nalish kadrlar tayyorlash bo‘ladi. Boshqaruv samaradorligi agentligi Energetika vazirligi, Energetika bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi, O‘zenergoinspeksiya hamda soha korxonalari xodimlari uchun rivojlangan davlatlarda stajirovkalar tashkil etadi.
Ular yoqilg‘i-energetika kompleksi, energetikani rejalashtirish, dispetcherlik xizmati faoliyati va boshqa yo‘nalishlarni o‘rganadi.
2030 yilgacha har yili energetika sohasi bo‘yicha 50 nafar talabani xorijdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish rejalashtirilgan. Shuningdek, sohadagi kadrlar salohiyatini oshirish uchun 50 mln dollar miqdorida grant mablag‘larini jalb qilish kutilmoqda.





