add

Favqulodda holatlar sohasiga sun’iy intellekt va robototexnika joriy etiladi

21.10.2025 | 12:401932

Prezident farmoniga muvofiq, favqulodda holatlar xavfini kamaytirish maqsadida sun’iy intellekt, robototexnika va raqamli texnologiyalar yordamida aholi va hududlar muhofazasi kuchaytiriladi.

Favqulodda holatlar sohasiga sun’iy intellekt va robototexnika joriy etiladi

O‘zbekiston Prezidentining «Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida»gi farmoni (PF–185-son, 2025 yil 20 oktyabr) qabul qilindi. Hujjatda soha faoliyatini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.

Farmonga ko‘ra, endilikda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini kamaytirish ishlari mahalla darajasigacha yetkaziladi. Bu borada profilaktika va barvaqt ogohlantirish tizimlari yaratiladi hamda ularning samaradorligi oshiriladi.

Shuningdek, davlat nazoratining shakllari va me’yorlari zamon talablariga muvofiq qayta ko‘rib chiqiladi. Bu tizimni takomillashtirish maqsadida yangi normativ bazalar va amaliy mexanizmlar joriy etiladi.

Eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida favqulodda holatlar xavfini kamaytirish jarayonlariga sun’iy intellekt, robototexnika va zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash belgilandi. Shuningdek, sohadagi barcha idora va tashkilotlarning axborot tizimlari yagona texnologik platformaga birlashtiriladi.

Konsepsiya doirasida aholini «maxallabay» va «xonodonbay» asosda himoya qilish, ko‘ngilli qutqaruvchilarni jalb etish, monitoring va prognoz tizimini yangilash ham nazarda tutilgan. Shu bilan birga, energetika, kimyo, radiatsiya va portlash xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlarning barqaror faoliyatini ta’minlash choralari belgilandi.

Mazkur farmon favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik va ularning oldini olish sohasida davlat siyosatining yangi yo‘nalishini boshlab berishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid