Inspektorlarga qaror qabul qilish vakolati beriladi
Prezident huzuridagi yig‘ilishda profilaktika inspektorlari «jazolovchi tizimdan — aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizimga» tamoyili asosida ishlashga o‘tishi kerakligi ta’kidlandi.
© Манба: “Daryo” / Farrux AliyevPrezident Shavkat Mirziyoyev jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda sohada zamonaviy boshqaruv va raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish, samaradorlik ko‘rsatkichlarini «Jazolovchi tizimdan – aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizimga» tamoyili asosida qayta ishlab chiqish bo‘yicha takliflar muhokama qilingan. Mahallalarda profilaktika ishlarini tashkil etish holatiga alohida e’tibor qaratilgan.
«Bugungi kunda respublikamizdagi qariyb 9 ming mahallada 10 mingdan ziyod profilaktika inspektori xizmat qilib kelmoqda. O‘tgan yili ular aholidan kelib tushgan 2,5 milliondan ziyod arizani ko‘rib chiqqan, 470 mingdan ortiq holat bo‘yicha materiallar sudga yuborilgan. Shu bilan birga, profilaktika inspektorlari faoliyati ustidan ortiqcha boshqaruv bo‘g‘inlari ko‘payib ketgani oqibatida mahalla xavfsizligi va jinoyat profilaktikasiga yetarli e’tibor qaratilmayotgani qayd etildi», - deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etib, ularning bevosita o‘ziga yuklatilgan ishga – mahallada xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi muammolari bilan manzilli ishlashga to‘liq yo‘naltirilgan tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Inspektorlarga qaror qabul qilish vakolati beriladi
Jumladan, kunlik onlayn yo‘riqnoma o‘tkazish, «Mening inspektorim» elektron tizimi orqali xizmatni tashkil etish, sud-tibbiy ekspertiza muassasalari bilan elektron ma’lumot almashishni joriy qilish, profilaktika inspektorlarini ishdan ajratmagan holda onlayn o‘qitish va malakasini oshirish, mahallada xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashuvchi «jamoat yordamchisi» guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Inspektorlarga ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatini berish, 6 ta kam ahamiyatli qilmish bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish tizimini joriy etish taklif qilindi.
Bu orqali inspektorning mahalladan chiqmagan holda ish olib borishi, samaradorligi ortishi va ko‘proq aholi bilan yaqindan ishlash imkoniyati yaratilishi ta’kidlandi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha uzluksiz ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, buning uchun profilaktika inspektorlari, maktablardagi inspektor-psixologlar va mahallalardagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarni mahalla darajasida o‘zaro bog‘laydigan, yoshlar, ayollar va oilaviy muammolarning barvaqt oldini olishga xizmat qiladigan yaxlit tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi. Ular real vaqt rejimida axborot almashishlari hamda yagona ma’lumotlar bazasidan foydalanishlari uchun profilaktika axborot tizimi joriy qilinadi.
Talabalar stajyor lavozimiga tayinlanadi
Kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jamoat xavfsizligi xodimlarini tayyorlash tizimi amaliyot bilan uzviy bog‘langan manzilli dual ta’lim asosida qayta ko‘rib chiqilayotgani qayd etildi. Xususan, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasida profilaktika inspektorlari, probatsiya inspektorlari, patrul-post, yo‘l-patrul va qo‘riqlash xizmati mutaxassislarini maqsadli tayyorlash bo‘yicha yangi tizim taklif etildi. Bunda nazariya va amaliyot uyg‘unlashtirilib, o‘qishning birinchi kursida 80/20, ikkinchi kursda 60/40 va uchinchi kursda esa 50/50 nisbatda tashkil etiladi.
Ta’lim jarayonida ijtimoiy profilaktikani amalga oshirish, protsessual harakatlar, nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, jangovar tayyorgarlik, psixologik bardoshlilik, muomala madaniyati, saf bo‘linmalarini boshqarish kabi amaliy kompetensiyalar shakllantiriladi.
Tinglovchi va talabalar stajyor lavozimiga tayinlanadi, mustaqil ish yuritish hamda qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lib, murabbiy nazorati va javobgarligi ostida ish yuritadi. Bitiruvdan keyingi 5 yil davomida monitoring qilinib, malakasi doimiy oshirib boriladi.
Prezident takliflarni ma’qullab, jamoat xavfsizligini ishonchli ta’minlash, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar murojaatlariga tezkor javob berish va xodimlar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.





