
Ipoteka subsidiyalari 938,7 mlrd so‘mdan oshdi
09.07.2025 | 10:4550613
2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda ipoteka kreditlari uchun ajratilgan davlat subsidiyalari 938,7 mlrd so‘mni tashkil etdi. Eng ko‘p mablag‘ Ipotekabank, Samarqand va Andijon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil boshidan 1 iyulgacha bo‘lgan davrda ipoteka kreditlari bo‘yicha aholiga davlat tomonidan to‘lab berilgan subsidiyalar umumiy hisobda 938,7 mlrd so‘mni tashkil qildi. Ularning 659,8 mlrd so‘mi foizlarni qoplash, 278,9 mlrd so‘mi esa boshlang‘ich badal uchun ajratilgan.
Banklar kesimida eng ko‘p subsidiya ajratganlar orasida Ipotekabank yetakchilik qilmoqda — 215,3 mlrd so‘m, bu umumiy hajmning 22,9 foizini tashkil qiladi. Undan keyin O‘zmilliybank (154,3 mlrd so‘m) va Biznesni rivojlantirish banki (167 mlrd so‘m) qayd etilgan.
Hududlar bo‘yicha esa eng ko‘p subsidiya Samarqand viloyati (123,7 mlrd so‘m), Andijon (116 mlrd so‘m) va Farg‘ona (101,3 mlrd so‘m) viloyatlariga to‘g‘ri keldi. Ular mos ravishda 13,2 foiz, 12,4 foiz va 10,8 foiz ulushga ega. Eng kam subsidiya Sirdaryo viloyatida (21,8 mlrd so‘m), Qoraqalpog‘istonda (30,6 mlrd so‘m) va Toshkent viloyatida (62,9 mlrd so‘m) qayd etilgan.
Shuningdek, 2025 yilda tijorat banklari tomonidan 22 362 ta ipoteka krediti ajratilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 6,5 trln so‘mdan oshgan. Ulardan 2,2 trln so‘mi yoshlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Ipoteka kreditlari tumanlar kesimida ham faol bo‘lib, eng ko‘p kredit Toshkent shahrida (1,57 trln so‘m), Andijon va Farg‘ona viloyatlarida ajratilgan. Yoshlarga berilgan ipoteka kreditlari ulushi 33 foizni tashkil qilgan.





