
Isroil va HAMAS o‘rtasida tinchlik kelishuvining birinchi bosqichi imzolandi
09.10.2025 | 09:003653
Trampning «tinchlik rejasi» doirasida Isroil va HAMAS kelishuvga keldi. Birinchi bosqichda garovdagi shaxslar va qamoqdagi mahkumlar almashinuvi kutilmoqda. Kelishuv rasman Qohirada imzolanadi.

Axios nashri jurnalisti Barak Ravidning xabar berishicha, G‘azo bo‘yicha kelishuvga Isroil va HAMAS o‘rtasida amaliy ravishda erishilgan, hujjat esa bugunning o‘zida imzolanishi mumkin. Manba ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuvning ilk bosqichi AQSH prezidenti Donald Trampning «tinchlik rejasi» asosida amalga oshirilayapti.
Al Mayadeen telekanali manbalari ma’lumotiga ko‘ra, HAMAS kelishuvni rasman ma’qulladi, uning imzolanishi joriy hafta payshanba kuni Misr poytaxti Qohirada bo‘lib o‘tadi. News Nation muxbiri Kelli Meyer xabariga ko‘ra, kelishuvning birinchi bosqichida garovdagi shaxslar va qamoqdagi mahkumlar almashinuvi 48 soat ichida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, kelishuvning keyingi bosqichlari bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
Tramp bu haqda Truth Social tarmog‘idagi post orqali shaxsan ma’lum qildi:
«Faxr bilan e’lon qilaman: Isroil va HAMAS bizning tinchlik rejamizning birinchi bosqichini imzoladilar. Bu barcha garovdagilar yaqin kunlarda ozod qilinishini va Isroil armiyasi kelishilgan chiziqqacha orqaga chekinishini anglatadi. Bu barqaror va abadiy tinchlikka qadamdir. Bu — arab va musulmon dunyosi, Isroil, qo‘shni mamlakatlar va Amerika uchun buyuk kun. Biz Qatar, Misr va Turkiyaning vositachilikdagi xizmatlarini qadrlaymiz. Bunday tarixiy voqea haqiqiy bo‘ldi» — deb yozdi AQSH prezidenti.Ushbu kelishuv G‘azodagi qon to‘kilishni to‘xtatish va mintaqa bo‘ylab tinchlik jarayonini tiklash yo‘lidagi ilk amaliy qadam hisoblanadi.





