
Janubiy Koreya sobiq prezidentining rafiqasi ham qamaldi
Seulda sud sobiq birinchi xonim Kim Gon Sxini aksiyalar narxini manipulyatsiya qilish va pora olish ayblovlari bilan qamoqqa oldi.

Janubiy Koreyaning qamoqdagi sobiq prezidenti Yun Sok Yolning turmush o‘rtog‘i Kim Gon Sxi 12 avgust kuni bir qator iqtisodiy jinoyatlar aybi bilan hibsga olindi. BBC xabar berishicha, unga aksiyalar narxini sun’iy oshirish va pora olish kabi ayblovlar qo‘yilgan.
Seuldagi sud majlisi 4 soat davom etdi. Kim Gon Sxi barcha ayblovlarni rad etgan bo‘lsa-da, sud dalillarni yo‘q qilish xavfi mavjudligiga ishora qilib, uni qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi.
Bu mamlakat tarixida ilk bor sobiq prezident ham, uning turmush o‘rtog‘i ham bir paytning o‘zida qamoqda saqlanayotgan holat bo‘ldi. Yun Sok Yol 2024 yil yanvarda mamlakatda harbiy holat e’lon qilib, siyosiy inqirozga sababchi bo‘lganidan keyin hibsga olingan edi.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 52 yoshli Kim Gon Sxi BMW’ning Janubiy Koreyadagi rasmiy distribyutori «Deutsch Motors» aksiyalarini manipulyatsiya qilishda ishtirok etib, 800 mln von (taxminan 578 ming AQSH dollari) daromad olgan. Unga, shuningdek, cherkovdan biznes imtiyozlari evaziga ikki dona Chanel sumkasi va olmos marjonni pora sifatida qabul qilish ayblovi qo‘yilgan.
Bundan tashqari, u 2022 yilgi qo‘shimcha parlament saylovlari va 2024 yilgi umumiy saylovlarda nomzodlar tanloviga aralashganlikda ham gumon qilinmoqda. Kim Gon Sxi sudga qara kostyum va yubkada kelib, jurnalistlar oldida jamiyatga noqulaylik keltirgani uchun uzr so‘radi.





