Logo

Ko‘p qavatli uylarni qurishda hududning 30 foizi yashil maydon bo‘lishi kerak — qo‘mita

Bugun 11:001 daqiqa

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi yangi uy-joy loyihalarida maktab, bog‘cha, ijtimoiy obyektlar, yo‘l va infratuzilma birgalikda rejalashtirilishi, hududning kamida 30 foizi yashil maydon sifatida ko‘zda tutilishi kerakligini ma’lum qildi.

Ko‘p qavatli uylarni qurishda hududning 30 foizi yashil maydon bo‘lishi kerak — qo‘mita © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi yangi qurilish loyihalarini rejalashtirishda kompleks yondashuv zarurligini ma’lum qildi.

Qo‘mitaga ko‘ra, ko‘p qavatli uylar bilan birga maktablar, bog‘chalar, yo‘llar, bolalar maydonchalari, avtoturargohlar va yashil hududlar ham rejalashtirilishi lozim. Bu aholi uchun qulay va barqaror yashash muhitini yaratishga qaratilgan.

Shuningdek, yer maydoni bir gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlardan voz kechish zarurligi ta’kidlangan. Bunday yondashuv hududlarni rejasiz o‘zlashtirishning oldini olishga qaratilgan.

Qo‘mita hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlariga taqdim etilayotgan loyihalarni ko‘rib chiqishda uchta asosiy mezonga e’tibor qaratmoqda.

Qurilishda uchta mezon

Birinchisi — Bosh rejaga muvofiqlik. Har bir qurilish loyihasi hududning tasdiqlangan Bosh rejasiga mos bo‘lishi shart. Bu shaharsozlik qarorlarining yagona reja asosida qabul qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ikkinchisi — kamida 30 foiz yashil hudud. Qo‘mita loyihalarda yashil maydonlarga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu talab shaharning ekologik muvozanatini saqlash va aholi uchun sog‘lom muhit yaratish bilan bog‘liq.

Uchinchisi — binolar balandligining infratuzilmaga mosligi. Uylarning qavatlar soni hududdagi kommunal tarmoqlar va ijtimoiy obyektlarning imkoniyatlariga mutanosib bo‘lishi kerak.

«Shundagina shaharlarimiz rivojlanadi, noqonuniy, nuqtali qurilishlarga barham beriladi, aholi uchun qulay, kelajak avlod uchun to‘g‘ri rejalashtirilgan shaharlar yaratiladi», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Teglar

Mavzuga oid