Logo

Murojaatlar bo‘yicha eng yomon natija ko‘rsatgan 10 ta bank nomi ochiqlandi

Kecha 16:372 daqiqa

Uch oyda Markaziy bankka banklar faoliyati yuzasidan 12,3 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi.

Murojaatlar bo‘yicha eng yomon natija ko‘rsatgan 10 ta bank nomi ochiqlandi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank 2026-yilning iyul–sentabr oylarida tijorat banklari faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni tahlil qildi.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, uchinchi chorakda bevosita va boshqa davlat organlari orqali jami 12 307 ta murojaat qabul qilingan.

Mijozlar soniga nisbatan hisoblangan murojaatlar indeksida «Hayot Bank» 5,71 ko‘rsatkich bilan birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda «Biznesni rivojlantirish banki» — 3,17 va «Mikrokreditbank» — 2,53 ko‘rsatkich bilan joylashdi.

O‘ntalikning keyingi o‘rinlaridan «TBC Bank» 1,96, «Anorbank» 1,86 va «Turonbank» 1,62 indeks bilan joy oldi. Shuningdek, ro‘yxatga «Asakabank» — 1,27, «InFinbank» va «AVO bank» — 1,25 dan hamda «Kapitalbank» — 1,24 ko‘rsatkich bilan kirdi.

Markaziy bank ta’kidlashicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi:

— mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha yetarli tushuntirish berish;
— murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob taqdim etish;
— takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish;
— mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish.

Shu munosabat bilan regulyator banklarga ko‘rib chiqish uchun kelib tushgan murojaatlar sabablarini chuqur tahlil qilish, ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish hamda mijozlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni kuchaytirish tavsiya etdi.

Indeks nimani anglatadi?

Murojaatlar indeksi bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri baholamaydi. U mijozlar soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Shu sababli indeks yuqori bo‘lgan bankni moliyaviy jihatdan beqaror deb xulosa qilish to‘g‘ri emas.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar uchun indeks hisoblanmaydi.

Ma’lumot uchun, ushbu indeks 2026-yil iyun oyidan e’lon qilina boshlandi.

Teglar

Mavzuga oid