«Tungi avtobus yo‘nalishlari aeroport, vokzal va 24/7 ko‘chalarni qamrab olishi kerak» — tungi yo‘nalishlar qayerlardan o‘tishi mumkinligi ochiqlandi
Toshkentda tungi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ular aeroport, temiryo‘l vokzallari va 24/7 rejimida ishlaydigan ko‘chalarni qamrab olishi mumkin. Hozirda tashuvchilar fikri o‘rganilib, loyiha bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqilmoqda.

Toshkentda tungi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish loyihasi bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Hozirda tashuvchilar fikri o‘rganilib, yo‘nalishlarning texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramov 16-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Vaqt.uz muxbiriga ma’lum qildi.
Tungi avtobuslar qaysi hududlarni qamrab oladi?
Ikramovning aytishicha, tungi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etishda aeroport, temiryo‘l vokzallari va tun-u kun faoliyat yuritadigan ko‘chalarni qamrab olish rejalashtirilgan.
«Biz tungi avtobuslarni tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Hozir bu bo‘yicha tadbirkorlarning fikri o‘rganilyapti», — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, yo‘nalishlarni belgilashda yo‘lovchilar ehtiyoji va tungi vaqtda faoliyat yuritadigan hududlar hisobga olinadi.
«Tungi yo‘nalishlarimiz kamida aeroport yoki vokzalni, shuningdek, 24/7 ko‘chalarni qamrab oladigan hamda ushbu ko‘chalarda muntazam ravishda qatnaydigan yo‘nalishlar bo‘lishi kerak», — dedi boshqarma rahbari.
Loyiha qachon amalga oshiriladi?
Hozirda tungi yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatadigan tashuvchilarni aniqlash va loyiha uchun texnik-iqtisodiy asos (TIA) ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Yo‘nalishlar komissiya tomonidan ham o‘rganilmoqda.
«Hozir ushbu tashuvchini aniqlash bo‘yicha hamda yo‘nalishlar bo‘yicha TIA ishlab chiqilyapti. Bu yaqin kelajakda amalga oshiriladigan loyihalarimizdan biri», — dedi Ikramov.
Biroq tungi avtobuslar qachon qatnay boshlashi, yo‘nalishlar soni va harakat jadvali bo‘yicha hozircha aniq muddatlar ma’lum qilinmadi.
Tungi avtobuslar masalasi avval ham ko‘tarilgan
Vaqt.uz avvalroq Toshkentda tungi avtobuslar qachon ishga tushirilishi masalasini o‘rgangan edi. 2026 yil 10-iyulda e’lon qilingan materialda poytaxtning sayyohlik va gastronomik ko‘chalari o‘rtasida tungi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish masalasi hali ishlab chiqilayotgani ma’lum qilingan.
O‘shanda Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova tashabbusni amalga oshirish shaharning barcha tumanlarida gastronomik ko‘chalarni yaratish ishlari yakunlangach ko‘rib chiqilishini bildirgan edi.
«Ushbu tashabbusni amalga oshirish shahar barcha tumanlarida gastronomik ko‘chalarni yaratish ishlari yakunlangach ko‘rib chiqiladi. Bu eng maqbul yo‘nalish tarmog‘ini, yo‘lovchi oqimini, harakat oraliqlarini va xizmat ko‘rsatishning iqtisodiy modelini belgilab olish uchun zarur», — degan edi Qosimova.
Xususiy tashuvchilar ham jalb qilinadi
Matbuot anjumanida xususiy tashuvchilarni jamoat transporti xizmatlariga jalb qilish tajribasi haqida ham ma’lumot berildi.
Ikramovning aytishicha, «Toshshahartransxizmat» hozirda 164 ta yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, oltita yo‘nalish xususiy tadbirkorlarga berilgan.
«2022 yilda bizda bitta yo‘nalish xususiy tadbirkor tomonidan amalga oshirilayotgan edi. Hozirgi kunda oltita yo‘nalishimiz xususiy tadbirkor tomonidan amalga oshirilyapti», — dedi u.
Boshqarma rahbari tungi avtobuslarni tashkil etishda ham xususiy tashuvchilar bilan ishlash tajribasidan foydalanish rejalashtirilayotganini qayd etdi.
Shunday qilib, tungi avtobuslar loyihasi bo‘yicha tashuvchilarni aniqlash va yo‘nalishlarni iqtisodiy jihatdan asoslash ishlari davom etmoqda. Biroq loyiha amalga oshirilishining aniq sanasi hozircha ochiqlanmagan.
Tadbirda ko‘rilgan boshqa masalalar:
• Toshkentda yo‘l haqi oshirilganiga qaramay, jamoat transporti xarajatlarining asosiy qismi davlat budjeti hisobidan qoplanishda davom etadi. Hozirda poytaxtda bir yo‘lovchini tashish tannarxi 5 ming 580 so‘mni tashkil etmoqda.
• Toshkentda jamoat transportida naqd to‘lov tizimining bekor qilinishi haydovchilar o‘rtasidagi yo‘lovchi talashish holatlarini kamaytirish va tushumlarni avtomatlashtirishga xizmat qilgan.
Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy O‘marovning aytishicha, naqd pulsiz to‘lov tizimiga o‘tilgach, jamoat transporti xarajatlarining yo‘lovchilar to‘lovlari hisobidan qoplanadigan ulushi 30–32 foizdan 40 foizdan yuqori darajaga ko‘tarilgan.