Logo

Rubioning O‘zbekistondagi ilk kuni qanday o‘tdi?

Kecha 19:008 daqiqa

Amerika tashqi siyosat idorasi rahbari dastlab Registonni ziyorat qildi. Shundan so‘ng jurnalistlarning savollariga javob berib, Trampning O‘zbekistonga kelishi haqida gapirdi. Qolaversa, jurnalistlardan biriga mamlakatda o‘zbek tili rasmiy til ekanini eslatdi. Amerikalik mehmon respublika iqtisodiyoti jadal o‘sib borayotganini aytib, o‘z vatanidagi kompaniyalar ham bunga qiziqib qolganini ta’kidladi.

Samarqandning markaziy ko‘chalari besh kunga yopildi, devorlarga Amerika va O‘zbekiston bayroqlari ilindi. Ha, O‘zbekistonning bu galgi mehmoni — AQSH Davlat kotibi Marko Rubio.

Uning O‘zbekistondagi, aniqrog‘i, Samarqanddagi ilk kuni qanday o‘tgani aynan shu videoda.

Diplomatlar ko‘pincha inqiroz yuzaga kelgan yoki muammolar paydo bo‘lgan hududlarga, shuningdek, xalqaro anjumanlar o‘tkaziladigan mamlakatlarga borishga majbur bo‘ladi. Lekin O‘zbekistonga kelgan Amerika tashqi siyosat idorasi boshlig‘ining aytishicha, rasmiy Vashington uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan davlatlarga tashrif buyurish uchun ham vaqt topishi kerak.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 18-oktabr kuni turmush o‘rtog‘i bilan birga O‘zbekistonga keldi. Amerikalik diplomatning samolyoti Samarqand xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Ularni samolyot trapi oldida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Donald Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor va AQSHning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik kutib oldi.

19-oktabr kuni O‘zbekiston rasmiylari, xususan Administratsiya rahbari Saida Mirziyoyeva Rubio va uning ayolini Registon maydoni bo‘ylab aylantirishdi.

Administratsiya boshlig‘i Davlat kotibining O‘zbekistonga ilk tashrifi aynan Samarqandda o‘tayotgani o‘ziga xos ramziy ma’noga egaligini aytdi.

Rubio Amerikadan yo‘lga otlanayotib, samolyot oldida bergan intervyusida nega aynan Samarqandga kelayotganini aytgandi. O‘zbekistonga safari oldidan jurnalistlar bilan suhbatda u tashrif sanasi mintaqadagi davlat rahbarlarining ish jadvali va beshta davlat tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvini bir vaqtda tashkil etish imkoniyatini hisobga olgan holda belgilanganini aytdi.

Rubioning so‘zlariga ko‘ra, AQSH nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan ham aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor. U xalqaro inqirozlar va boshqa shoshilinch masalalar muhim tashriflarni ortga surib qo‘yishi mumkinligi, ammo bu davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish ham muhim ekanini ta’kidladi.

Rubio AQSH uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan davlatlarga tashrif buyurish uchun ham vaqt topishi kerakligini urg‘ular ekan, bunga misol qilib, yaqinda Gretsiya va Lotin Amerikasi davlatlariga qilgan safarlarini esladi. U endi Markaziy Osiyoga tashrif buyurish navbati kelganini aytdi.

Tanlangan sanalar mintaqadagi beshta davlat tashqi ishlar vazirlarini bir joyga to‘plash imkonini bergan. Aynan Samarqandda Rubio AQSH va Markaziy Osiyoning beshta davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonni birlashtiruvchi C5+1 formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etadi. Shu bois qo‘shni davlatlarning rasmiylari birin-ketin yetib keldi.

AQSH Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Davlat kotibiga 200 nafardan ortiq amerikalik tadbirkor hamrohlik qilmoqda. Vashington ushbu tashrif AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga yordam berishiga umid qilmoqda. Rubioning Samarqandga kelishiga, mana shu safarning tashkil etilishiga Serjio Gor asosiy hissa qo‘shganlardan biri hisoblanadi. U O‘zbekistonda tug‘ilgan bo‘lib, ayni paytda AQSHning Hindistondagi elchisi hamda Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili vazifalarini birgalikda bajarmoqda.

Tabiiyki, AQSH Davlat kotibining O‘zbekistonga tashrifi, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo ekspertlarining katta e’tiborini tortdi va turli tahlillarga sabab bo‘ldi. Markaziy Osiyoning ayrim davlatlarida ichki islohotlar ortidan «Soros jamg‘armasi» va AQSH budjetidan bevosita yoki bilvosita moliyalashtiriladigan boshqa nodavlat tashkilotlar faoliyati to‘xtatilgan. Shu sababli Rubio tashrifi hamkorlikning yangi shakliga o‘tish sifatida talqin qilinmoqda.

Davlat kotibining o‘zi bilan amerikalik tadbirkorlar va bo‘lajak investorlarni olib kelgani AQSHning Markaziy Osiyodagi ishtirokini kuchaytirish, Amerika biznesining mintaqa bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish va tabiiy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga intilayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, Vashington Rossiya va Xitoy bilan an’anaviy ravishda yaqin aloqada bo‘lgan mintaqa davlatlari bilan munosabatlarini mustahkamlashga harakat qilmoqda.

Ayni paytda AQSHning bugungi siyosati SSSR parchalangandan keyingi dastlabki o‘n yilliklarda olib borilgan siyosatdan sezilarli darajada farq qiladi. Endi asosiy e’tibor investitsiyalar, savdo, energetika va strategik resurslarga qaratilmoqda.

Vashingtonning asosiy amaliy manfaatlari, anchadan beri ma’lum bo‘lganidek, muhim foydali qazilmalar, energetika, transport yo‘laklari va Markaziy Osiyo iqtisodiyotlarini xalqaro ta’minot zanjirlariga qo‘shish imkoniyatlari bilan bog‘liq. Bugungi kunda bu zanjirlarning ko‘pchiligi Xitoyga bog‘liq.

«Reuters» agentligining ta’kidlashicha, AQSH mintaqadagi noyob yer metallari va boshqa strategik resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, savdo aloqalarini mustahkamlashga intilmoqda.

Samarqandga kelgan amerikalik tadbirkorlar orasida «Boeing» aviakompaniyasi, «Citibank» banki va «Franklin Templeton» investitsiya fondi vakillari, shuningdek, muhim foydali qazilmalar bilan ishlaydigan kompaniyalar bor. Qolaversa, oldinroq Serjio Gor «Traxys», «Starlink», «Air Products» singari kompaniyalar ham borligini aytgandi.

Rubio boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrifini Registon maydonini ziyorat qilishdan boshladi. AQSH delegatsiyasiga Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hamrohlik qildi.

O‘zbek jurnalistlari ularni savolga tutib, Trampning O‘zbekistonga kelish rejasi haqida so‘radi. Rubio esa prezidentning kelgusidagi safar rejalari haqida hozircha izoh berolmasligi, biroq amerikalik rasmiylar bu tashrif amalga oshishini istashini aytdi. U 2027-yilda ushbu masala ustida ishlab, qaysi sanalar maqbul bo‘lishini ko‘rib chiqmoqchi ekanini ma’lum qildi.

Trampning yaqin do‘sti va AQSHning yuqori lavozimli savdo vakili Paolo Zampolli ham yaqinda Toshkentga tashrifi vaqtida O‘zbekiston televideniyesiga bergan intervyusida O‘zbekiston Trampning «amalga oshirmoqchi bo‘lgan tashrif ro‘yxati»da borligini aytgandi. Prezidentning do‘sti Tramp va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida yaqin munosabat shakllanganini urg‘ular ekan, o‘shanda ikki prezidentning aloqalarini «o‘ziga xos» deya ta’riflagandi.

Lekin Zampolli Toshkentga kelib ketganidan sal o‘tmay ishdan olindi. 15-oktabr kuni AQSH prezidentining global hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili kutilmaganda ishdan bo‘shatildi. Bunga Zampollining AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau bilan uzoq vaqt davom etgan va ommaga sizib chiqqan keskin elektron yozishmalari (mojarosi) sabab bo‘lgan. Davlat departamenti Zampollidan faqat madaniy aloqalar bilan shug‘ullanishni talab qilgan, biroq u o‘zboshimchalik bilan tashqi siyosat va iqtisodiy kelishuvlarga aralashib ketgan.

Nima bo‘lganda ham Zampolli Trampga juda yaqin odam. U Amerikaning birinchi xonimi Melaniyani Tramp bilan tanishtirgan shaxs sifatida ham tanilgan.

Rubio jurnalistlarning savollariga javob berishda davom etar ekan, kun tartibida ikki tomonlama munosabatlarga oid ko‘plab masalalar borligini aytdi. U dunyoning boshqa mamlakatlari kabi O‘zbekiston ham xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan voqealarni, ularning global iqtisodiyotga ta’sirini diqqat bilan kuzatyapti, degan umiddaligini bildirdi.

Shu bilan birga, ikki tomonlama munosabatlarda juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgani, eng muhimi, munosabatlar muammolar yoki ziddiyatlar emas, balki imkoniyatlar asosida rivojlanayotganini ta’kidladi.

Rubioning aytishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal o‘sib borayotgan mamlakat. Bu yerda aholi farovonligini oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Amerika kompaniyalari ham bunga qiziqish bildirmoqda. Amerika rasmiylari hamkorlikni yanada qanday kengaytirish mumkinligini o‘rganish uchun ham aynan Samarqandga kelgan. U «Bu tashrif xalqlarimiz va mamlakatlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi, chunki munosabatlarni o‘zaro farovonlik va umumiy iqtisodiy manfaatlardan ko‘ra kuchliroq mustahkamlaydigan omil yo‘q. Biz aynan shu yo‘nalishda ishlashni maqsad qilganmiz» deb aytdi.

Rubio, shuningdek, Markaziy Osiyo AQSH tashqi siyosatida yetarlicha e’tibor olmagani, ammo bu holat o‘zgarayotganini bildirdi. U o‘tgan yili ham mintaqa rahbarlari va prezident bilan uchrashgani, Kongress delegatsiyalarini ham bu yerga ko‘proq tashrif buyurishga undamoqchi ekani, o‘zi ham yana qaytib kelishga umid qilayotganini aytdi. Amerika mulozimi bu tashrif hamkorlikning poydevori xolosligi, yakun emas, balki hali boshlanishi ekanini bildirdi.

Dastlab jurnalistlar savolga tutgan bo‘lsa, keyin Rubio o‘zbekistonlik jurnalistlarga savol bilan yuzlandi. U suhbatdoshlaridan biriga yuzlanib, undan o‘zbek tilida gaplasha olasizmi deb so‘radi. Suhbatdoshi esa rus tilida juda yaxshi gapirishini aytdi. Ammo Amerika tashqi siyosat idorasi boshlig‘i Rubio «bu rasmiy til emas, lekin ko‘pchilik shu tilda gaplashadi, buni tushunaman», deya munosabat bildirdi.

Kun davomida Rubio Samarqandda O‘zbekiston TIV rahbari bilan uchrashdi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar qoldirdi.
Tomonlar AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlikni, jumladan, infratuzilma, koinot, muhim minerallar va «C5+1» diplomatik platformasi orqali hamkorlikni chuqurlashtirishni muhokama qilishgan.

«Biz mamlakatlarimiz va mintaqamiz farovonligini ta’minlash yo‘lida birgalikda harakat qilmoqdamiz», — deya post qoldirdi Rubio.

Amerika rasmiylari Samarqandda bo‘lib turgan bir paytda, O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushdi. «C5+1» formatidagi tadbirlar doirasidagi panel sessiyasida Google Cloud’ning davlat siyosati va davlat tashkilotlari bilan aloqalar yo‘nalishi bo‘yicha rahbari Marchin Krasuski e’lon qildi. Endi Android telefon foydalanuvchilari xaridlar uchun bank kartasisiz, telefonning o‘zida to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin.

Xizmatdan foydalanish uchun telefonda NFC funksiyasi bo‘lishi va bank karta Google Wallet ilovasiga ulangan bo‘lishi kerak. To‘lov qilish esa oddiy: telefonni blokdan chiqarib, terminalga yaqinlashtirasiz. Ilovani alohida ochish shart emas.

Lekin hozircha barcha bank kartalari Google Pay’da ishlamaydi. Qaysi banklarning kartalari qo‘llab-quvvatlanishi haqida to‘liq ro‘yxat e’lon qilinmagan. Humo va Uzcard kartalarining ulanishi ham hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Kartangiz ishlashini Google Wallet ilovasiga qo‘shib ko‘rish orqali tekshirishingiz mumkin.

Aytilishicha, Amerika delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida o‘tkazilgan biznes tadbirlari doirasida savdo, investitsiya va texnologik hamkorlik sohasida umumiy qiymati 12 milliard dollarni tashkil etuvchi 54 ta shartnomadan iborat paket imzolangan.

Samarqanddagi uchrashuvlar davom etar ekan, O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari Saidov o‘z sahifasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Amerika Qo‘shma Shtatlarini birlashtirgan «C5+1» formatidagi vazirlar uchrashuvi o‘tkazilgani, unda nimalar gaplashilganini yozdi. Saidov Markaziy Osiyodagi mavqedoshlari hamda Rubioni ushbu muloqotga asos solingan shaharda uchrashishdan mamnunligini bildirdi.

O‘zbekiston vazirining aytishicha, suhbatda ular savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etish, transport, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashishgan. Muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishgan. Uning urg‘ulashicha, bu mintaqada yangi sanoat quvvatlari, ish o‘rinlari va texnologik imkoniyatlarni yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, biznes vakillarini ustuvor loyihalarni belgilash va ilgari surishga jalb etish uchun «C5+1» va «B5+1» formatlari o‘rtasida muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etilgan.

Baxtiyor Saidovga ko‘ra, Samarqanddagi muloqot siyosiy kelishuvlarni aniq investitsiyalar va qo‘shma loyihalarga aylantirishga yangi sur’at bag‘ishlashiga uning ishonchi komil. O‘zbekiston «C5+1» kotibiyatiga hamraisligi davomida ushbu yo‘nalishlarda izchil va amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor.

Teglar

Feruza Najmiddinova

Feruza NajmiddinovaMaqolalar soni: 17

Barchasi

Mavzuga oid