Logo

«Aksa Enerji» Toshkent, Sirdaryo va Jizzax elektr tarmoqlarini boshqaruvga oladi

Kecha 18:092 daqiqa

Kompaniya shartnomalarni bir hafta ichida imzolashni rejalashtirmoqda.

«Aksa Enerji» Toshkent, Sirdaryo va Jizzax elektr tarmoqlarini boshqaruvga oladi

Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi elektr tarmoqlari boshqaruvi Turkiyaning «Aksa Enerji» kompaniyasiga beriladi. Ushbu uchta hududdagi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar bir hafta ichida imzolanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 16-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev va kompaniya direktorlar kengashi raisi Jamil Kazanchi o‘rtasidagi uchrashuv va muzokaralardan so‘ng ma’lum qilindi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tgan qabulda kompaniya bilan O‘zbekiston energetika tarmog‘ini rivojlantirish va texnologik modernizatsiya qilish loyihalarida ishtirok etish masalalari ko‘rib chiqilgan. Tomonlar aniq loyihalar bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishib olgan.

«Aksa Enerji» rahbari Jamil Kazanchining O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, shirkat elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlariga sarmoya kiritish orqali yo‘qotishlarni kamaytirish, tannarxni pasaytirish va energiyadan foydalanish samaradorligini oshirishni maqsad qilgan.

«Bizga aholi manfaatlariga xizmat qiladigan loyihalar taqdim etildi. Endi ularni tez fursatda o‘rganib, o‘z takliflarimizni bildiramiz. Ushbu tashrifimiz aniq kelishuvlar bilan yakunlanishini istaymiz», — dedi Jamil Kazanchi.

Samarqanddagi tajriba va 30 yillik boshqaruv shartlari

Ushbu kelishuvlar kompaniyaning Samarqand viloyatida boshlagan elektr tarmoqlarini xususiy boshqarish borasidagi faoliyatini boshqa hududlarda ham kengaytirishini anglatadi.

Avvalroq, Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida o‘tkazilgan tender yakunlariga ko‘ra, Samarqand elektr tarmoqlari aynan mazkur Turkiya kompaniyasi boshqaruviga berilgani e’lon qilingan edi.

Shartnomaga muvofiq, «Aksa Enerji» elektr tarmoqlarini davlat-xususiy sheriklik modeli asosida 30 yil davomida boshqaradi. Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, xususiy hamkor loyiha amalga oshirilishining dastlabki 10 yilida kamida 350 million dollar, shuningdek, tarmoqlar boshqaruvga berilganidan keyingi dastlabki ikki yil ichida yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida kamida 27 million dollar sarmoya kiritishi kerak. Kompaniya o‘z hisobotlarida tarmoqlarni modernizatsiya qilish uchun umumiy hisobda 1 milliard dollar investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini ko‘rsatgan.

Bunda elektr tarmoqlari davlat mulki bo‘lib qoladi. Aktivlar xususiy hamkorga mulk qilib berilmaydi va ularni tasarruf etish huquqi ham investorga topshirilmaydi.

Ma’lumot o‘rnida, «Aksa Enerji» hozirgacha O‘zbekistonga 750 million dollar investitsiya kiritib, to‘rtta elektr stansiyasini qurdi va bundan buyon elektr hamda gaz taqsimoti yo‘nalishlarida faoliyatini davom ettirishni maqsad qilgan. 2025-yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumida davlat rahbari tomonidan 2026-yilda Jizzax va Sirdaryo, 2027-yilda esa Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi investorlarga taklif etilishi rejalashtirilgani ma’lum qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid