Logo

Peshlavha va tashqi reklama o‘rtasidagi chegara qanday belgilanadi? Tadbirkorlar nimalarni bilishi kerak?

Bugun 18:435 daqiqa

Yaqinda brend nomi tushirilgan peshlavhalar reklama hisoblanmasligi belgilandi. Ammo peshlavha qachon reklama bo‘lishi yoki qanday vaziyatlarda jarima qo‘llanishi masalasi ayrim tadbirkorlar uchun hali ham noma’lum. Xo‘sh, ular peshlavha o‘rnatish tartibi haqida nimalarni bilishi kerak? Vaqt.uz navbatdagi maqolada bir qator savollarga javob izladi.

Peshlavha va tashqi reklama o‘rtasidagi chegara qanday belgilanadi? Tadbirkorlar nimalarni bilishi kerak?

Toshkentda peshlavhalarni joylashtirish va tashqi reklamaga qo‘yiladigan talablar masalasi tadbirkorlar uchun jiddiy masalaga aylangan.

Bunga yil davomida poytaxtdagi ko‘pchilik biznes egalarining peshlavhalari ogohlantirishlarsiz buzilgani va keyinchalik jarima berilgani, buzish ishlari uchun tadbirkorlarga kompensatsiya qaytarilmagani kabi yuzlab holatlar sabab bo‘lgan.

Umuman, do‘kon nomi, tovar belgisi yoki faoliyat turi ko‘rsatilgan peshlavha qaysi hollarda reklama hisoblanishi, dizayn-kod talablari va mavjud peshlavhalarni yangi me’yorlarga moslashtirish bilan bog‘liq ko‘plab savollar hamon aktual.

Vaqt.uz peshlavhalarni reklama sifatida baholashga oid yangi tartib haqida xabar bergan edi. Mavzuning davomi sifatida Toshkent shahar Savdo-sanoat palatasi boshqarmasi rahbari Diyor Mirzaahmedov bilan suhbatlashdik. U peshlavha va tashqi reklama o‘rtasidagi farq, dizayn-kod talablari, tadbirkorlarning huquqlari hamda peshlavhalarni yangi qoidalarga moslashtirish masalalari yuzasidan palataning pozitsiyasini tushuntirdi.

Peshlavha qachon reklama hisoblanadi?

Peshlavha bilan tashqi reklama o‘rtasidagi asosiy farq axborotning mazmuni va joylashuviga bog‘liq. Tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan binoda o‘z nomi, faoliyat turi, firma nomi yoki tovar belgisini joylashtirsa, bu peshlavha hisoblanadi. Bunday holatda reklama pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydi.

Biroq peshlavhada ushbu ma’lumotlardan tashqari axborotlar ham joylashtirilsa, ular reklama mazmuniga ega deb baholanishi mumkin. Masalan, do‘kon nomi bilan birga chegirmalar, mahsulot tasvirlari yoki «eng arzon narx» kabi yozuvlarning joylashtirilishi alohida baholashni talab qiladi.

Shu bois tadbirkorlar peshlavhani tayyorlashda nafaqat uning tashqi ko‘rinishiga, balki unda qanday ma’lumotlar aks ettirilayotganiga ham e’tibor qaratishi kerak.

Dizayn-kod peshlavhalarga qanday talablar qo‘yadi?

Toshkent shahridagi binolar fasadlarining tashqi ko‘rinishi, peshlavhalarning o‘zaro uyg‘unligi va shahar muhitining yagona uslubini ta’minlashda dizayn-kod muhim ahamiyatga ega. Biroq bunday talablar tadbirkorlar uchun ortiqcha moliyaviy yuk keltirib chiqarmasligi ham muhim.

Diyor Mirzaahmedovning ta’kidlashicha, peshlavhaning o‘lchamlari bino fasadiga va dizayn-kod talablariga muvofiq bo‘lsa, uni joylashtirish uchun qo‘shimcha reklama to‘lovlari undirilmaydi.

Yangi normada peshlavhani reklama hisoblamaslik uchun uning maydoni bo‘yicha alohida chegara belgilanmagan. Shuningdek, bunday peshlavhalar uchun alohida elektr hisoblagich o‘rnatish yoki reklama konstruksiyalariga nisbatan belgilangan uch baravar koeffitsiyentni qo‘llash talab etilmaydi.

Shu bilan birga, tadbirkorlar peshlavhalarni joylashtirishda tegishli texnik me’yorlar va fasadga qo‘yiladigan talablarga amal qilishi lozim.

Toshkent dizayn-kodini ishlab chiqish va qabul qilishda Savdo-sanoat palatasi qanday talablarni taklif qilmoqda?

Palataning asosiy talabi — dizayn-kod tadbirkorlar, mulkdorlar va soha mutaxassislari ishtirokida ochiq muhokama qilinishi, undagi talablar esa aniq, tushunarli va tadbirkorlar uchun iqtisodiy jihatdan asoslangan bo‘lishidir, deydi Diyor Mirzaahmedov.

diyor

Shuningdek, tadbirkorlarning ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilaridan foydalanish huquqi saqlanishi kerak. Amaldagi qoidalar asosida o‘rnatilgan peshlavhalarni yangi talablarga moslashtirish uchun yetarli muddat berilishi, bu jarayondagi xarajatlarni kim qoplashi ham oldindan aniq belgilab qo‘yilishi lozim.

Qonuniy peshlavhalarni ham almashtirish talab qilinishi mumkinmi?

Tadbirkorning peshlavhasi amaldagi talablarga muvofiq o‘rnatilgan bo‘lsa-yu, keyinchalik dizayn-kodda belgilangan rang yoki shakl talablariga mos kelmasa, uni almashtirish masalasi qo‘shimcha huquqiy aniqlikni talab qiladi.

«Bunday talab faqat qonuniy kuchga kirgan va muayyan peshlavhaga tatbiq etiladigan aniq norma asosida qo‘yilishi mumkin», – deb tushuntiradi hukumat vakili.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dizayn-kod haqidagi qaror rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib kuchga kiradi. Biroq bu muddat barcha mavjud peshlavhalarni almashtirish uchun avtomatik ravishda uch oy vaqt berilishini anglatmaydi.

Mavjud peshlavhalarni yangi talablarga moslashtirish muddati, shuningdek, ularni o‘zgartirish bilan bog‘liq xarajatlarni kim qoplashi alohida tartibda belgilanishi lozim.

«Palata sifatida pozitsiyamiz — tadbirkorga yetarli vaqt berilishi va uning zimmasiga asossiz qo‘shimcha xarajatlar yuklanmasligidir», – deb qo‘shimcha qiladi Mirzaahmedov.

Toshkentda peshlavhalar baribir o‘zgaradi

Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, peshlavhalar baribir o‘zgartiriladi. Biroq bu jarayon arxitektura me’yorlariga muvofiq amalga oshiriladi, tadbirkorlarga esa peshlavhalarini yangi talablarga moslashtirish uchun qo‘shimcha muddat beriladi.

Hokimning ta’kidlashicha, peshlavhalar reklama sifatida hisoblanmasligi ularni joylashtirishda arxitektura va shaharsozlik talablariga rioya qilish zaruratini bekor qilmaydi. Uning fikricha, binolar va savdo obyektlarining tashqi ko‘rinishiga nisbatan ham belgilangan me’yorlar mavjud.

«Peshlavha taxtalar baribir o‘zgaradi. Arxitektura talablari bor. Arxitektura talablariga hammasi moslashtiriladi. U yerda biz ularga [tadbirkorlarga] muddatini uzaytirib beramiz», — dedi Shavkat Umurzoqov.

U vaziyatni avtomobillarga qo‘yiladigan texnik talablar bilan taqqosladi. Xususan, avtomobil egasi o‘z transport vositasiga istalgan o‘lchamdagi shina o‘rnatishi yoki faralarini olib tashlashi mumkin bo‘lmaganidek, binolar va do‘konlarning tashqi ko‘rinishi ham belgilangan qoidalarga mos bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

«Uy-joy ham, do‘kon ham xuddi shunaqa. Arxitektura norma, qonun-qoidalari bor. Peshlavha bilan reklamaning tasdiqlangan normalari bor», — dedi hokim.

Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, prezident topshirig‘i asosida tadbirkorlarga peshlavhalarini to‘g‘rilash uchun muddat beriladi, ayrim talablar esa yumshatiladi. Jumladan, avval peshlavhalar uchun muayyan kvadrat metr chegarasi belgilangan bo‘lsa, yangi tartibda bino uzunligining 30 foizi miqdorida peshlavha joylashtirishga bepul ruxsat berish nazarda tutilmoqda.

«Sud qarori kerak emas»

Vaqt.uz jurnalisti hokimdan tadbirkorlar katta mablag‘ sarflab o‘rnatgan peshlavhalar buzib tashlangan taqdirda, ularga kompensatsiya to‘lash masalasi qanday hal etilishini so‘ragandi.

Hokim peshlavhalar qonuniy ravishda buzib tashlanganini aytdi. Tadbirkorlarning ayrim peshlavhalar sud qarorisiz olib tashlangani haqidagi e’tirozlariga javoban esa bunday holatlarda sud qarori talab etilmasligini bildirdi.

Hokim peshlavhalar masalasida «vizual shovqin» tushunchasiga ham e’tibor qaratgandi. Uning ta’kidlashicha, ko‘chalardagi reklama va peshlavhalar faqat tadbirkorlarning manfaatlari nuqtai nazaridan emas, balki aholi va shahar muhitining manfaatlarini hisobga olgan holda tartibga solinishi kerak.

«Arxitektura normasida vizual shovqin degan narsa bor. Ya’ni, u yerda siz faqat tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamang-da. Fuqaro sifatida menga yoqmaydi bu, ko‘cha tadbirkorki emas, aholiniki», — dedi Toshkent shahar hokimi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil sentabr oyida korxona nomi va faoliyat turini bildiruvchi peshlavhalarni reklama deb hisoblamaslik hamda ular uchun maxsus pasport talab qilmaslik haqidagi taklifni ma’qullagandi.

 

Teglar

Mavzuga oid

Peshlavha va tashqi reklama o‘rtasidagi chegara qanday belgilanadi? Tadbirkorlar nimalarni bilishi kerak? | Vaqt.uz