Toshkentda jamoat transporti uchun 17,9 kilometrlik maxsus yo‘laklar tashkil etiladi
Loyiha uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 6,5 milliard so‘m talab etiladi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaToshkent shahrida avtomobillardan voz kechish siyosati va jamoat transporti harakati ustuvorligini oshirish doirasida jami 17,9 kilometr uzunlikdagi to‘rtta asosiy yo‘nalishda avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mutaxassislar jamoat transporti yo‘nalishlari o‘tadigan 150 kilometrdan ortiq yo‘l qismlarini tahlil qilib, dastlabki bosqichda qariyb 18 kilometrlik masofada ishlarni boshlashni tavsiya etishgan.
Loyiha doirasida quyidagi to‘rtta yo‘nalishda markaziy ko‘chalarni ta’mirlash va avtobuslar uchun maxsus yo‘laklar ajratish ko‘zda tutilgan:
• Muqimiy ko‘chasi — Yashnobod va Chilonzor tumanlari hududidagi 4,6 km qismi;
• Qoratosh va Ko‘kcha Darvoza ko‘chalari — Shayxontohur tumanidagi 4,2 km qismi;
• Parkent ko‘chasi — Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 2,8 km qismi;
• Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasi — Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 6,3 km qismi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun taxminan 6,5 milliard so‘m talab etiladi. Ushbu xarajatlar Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar hokimining tegishli qarori imzolangan. Hozirda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun budjet shakllantirilmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun taxminan 6,5 milliard so‘m talab etiladi. Xarajatlarni Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplash rejalashtirilgan.
Loyiha buyurtmachisi sifatida «Toshkent invest kompaniyasi» AJ belgilanishi kutilmoqda. Loyihalash tashkilotlari, pudratchilar va texnik nazorat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar qonunchilikda belgilangan tartibda tanlov asosida tanlanadi.
Yo‘l ta’miri va xavfsizlikka qanday talablar qo‘yiladi?
Qurilish ishlari boshlanishidan oldin muhandislik kommunikatsiyalari va kommunal infratuzilma tarmoqlari tekshiriladi. Nosozliklar aniqlansa, tarmoqlar ta’mirlanadi, ko‘chiriladi yoki almashtiriladi.
Shuningdek, ish jarayonida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarning oldini olish choralari ko‘riladi. Loyihada piyodalar uchun qulay yo‘laklar, yo‘l ko‘rsatkichlari, bekat majmualari va yoritish tizimiga ham e’tibor qaratiladi.
Yo‘l qoplamasida polimer bilan modifikatsiyalangan bitum va mustahkam chaqiqtoshli shag‘al-mastikali asfaltbeton (MA) qorishmasidan foydalanish talab etilmoqda. Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, bunday qoplama poytaxt sharoitida 2023 yildan buyon qo‘llanib kelinmoqda.





