Logo

«Tesla» endi uchadi: Ilon Mask yangi «Roadster»ni namoyish etdi

Kecha 15:354 daqiqa

«Tesla» kompaniyasi «SpaceX» texnologiyalari yordamida qisqa vaqt havoga ko‘tarila oladigan yangi avlod «Roadster» elektromobilini taqdim etdi. Ushbu sport avtomobilini ommaviy ishlab chiqarish 2028 yilda boshlanishi mo‘ljallanmoqda.

«Tesla» endi uchadi: Ilon Mask yangi «Roadster»ni namoyish etdi

Joriy yilning 15-oktabr kuni AQSHning Texas shtatida bo‘lib o‘tgan taqdimotda yangi «Roadster» avtomobili havoga ko‘tarilib, aylanma harakatni bajargan holda yana yerga qo‘ndi. Namoyish davomida «SpaceX» texnologiyalari asosida yaratilgan reaktiv kuchaytirgichlardan foydalanilgan.

Kompaniya bosh direktori Ilon Maskning ta’kidlashicha, elektromobil «SpaceX» muhandislari bilan yaqindan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Modelning yangi avlodi ilk bor 2017 yilda taqdim etilgan edi, bu esa loyiha ustida qariyb to‘qqiz yil ishlanganini anglatadi.

Avtomobil qanday qilib havoga ko‘tarildi?

Taqdimot Texasning Makgregor shahrida joylashgan «SpaceX» raketa sinovlari maydonida bo‘lib o‘tdi. Namoyishda «Roadster» egri rampa orqali yuqoriga harakatlanib, teskari holatga o‘tdi va havoga ko‘tarilib, aylanma manyovrni muvaffaqiyatli bajardi.

«Tesla»ning avtomobilsozlik bo‘yicha vitse-prezidenti Lars Moravining tushuntirishicha, mashina ostidagi kuchli havo so‘rish tizimi uning rampa bo‘ylab teskari harakatlanishini ta’minlaydi. Havoga ko‘tarilish va boshqa murakkab manyovrlar esa bevosita «SpaceX» texnologiyalari asosidagi kuchaytirgichlar yordamida amalga oshadi. Ilon Maskning so‘zlariga ko‘ra, balandlikni nazorat qiluvchi va orqa qismdagi asosiy kuchaytirgichlar tufayli avtomobil xuddi raketa kabi harakatlana oladi.

Tadbirning ikkinchi qismida «Roadster» bir nechta boshqa «Tesla» avtomobillari ustidan havoda sakrab o‘tdi. Bu orqali kompaniya yangi modelning nafaqat tezlanish, balki havoda manyovr qilish imkoniyatini ham ko‘rsatib berdi.

Shu bilan birga, «WIRED» nashrining qayd etishicha, bu qisqa muddatli sakrash avtomobilning samolyot kabi erkin ucha olishini kafolatlamaydi. Uning oddiy yo‘llarda va havoda qonuniy harakatlanishi qator texnik va huquqiy talablarga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Yangi «Roadster»ning texnik imkoniyatlari

Taqdimot davomida «Tesla» vakillari elektromobilning asosiy texnik ko‘rsatkichlarini e’lon qildi:

  • Tezlanish: 0 dan 60 milgacha (taxminan 97 km/soat) bir soniyadan kamroq vaqt ichida chiqadi.

  • Maksimal tezlik: soatiga 230 mildan (taxminan 370 km/soat) yuqori.

  • Quvvat zaxirasi: bir martalik quvvatlanish bilan 300 mildan (taxminan 480 kilometr) ortiq masofani bosib o‘tadi.

  • Texnologik jihozlanishi: avtomobil atrofida 10 ta kuchaytirgich va 600 litr sig‘imli siqilgan havo tizimi joylashtirilgan. Bu tizim havoga ko‘tarilish va aylanish manyovrlari uchun xizmat qiladi.

«Roadster»ning uch xil komplektatsiyasi

«Tesla» rasmiy saytida yangi modelning uchta versiyasi taqdim etilgan:

  • Performance: yo‘lda harakatlanishga mo‘ljallangan ikki kishilik versiya. Faol aerodinamika va yuqori unumdorlikdagi havo so‘rish tizimiga ega. Buyurtma uchun boshlang‘ich depozit — 50 ming dollar.

  • Thrust: orqa qismiga o‘rnatilgan siqilgan gaz kuchaytirgichlari yordamida tezlanishni keskin oshiruvchi ikki kishilik versiya. Buyurtma uchun boshlang‘ich depozit — 250 ming dollar.

  • Rocket: havodagi murakkab manyovrlar uchun mo‘ljallangan, qo‘shimcha tizimlar bilan jihozlangan bir kishilik maxsus versiya. Uning narxi ommaga ochiqlanmagan va faqat maxsus taklifnoma asosida sotiladi.

Loyiha nega qariyb to‘qqiz yilga kechikdi?

«Tesla» yangi avlod «Roadster» konsepsisini ilk bor 2017 yilning noyabr oyida ko‘rsatgan va uni 2020 yilda sotuvga chiqarishni va’da qilgan edi. Biroq loyihani amalga oshirish rejalari 2020, 2021, 2023 va 2024 yillarda bir necha bor ortga surildi. Hattoki 2026 yil 1-aprelga mo‘ljallangan taqdimot ham ob-havo sharoiti tufayli qoldirilgan edi.

Shuningdek, 2017 yilgi dastlabki va’dalarda avtomobil bir marta quvvatlanish orqali 620 mil (qariyb 1 000 km) yo‘l bosishi aytilgan bo‘lsa, 2026 yilgi taqdimotda bu ko‘rsatkich 300 milga tushgani ma’lum bo‘ldi. Kompaniya yangi modelning barcha parametrlari ishlab chiqarishga tayyor yakuniy versiyada o‘zgarishsiz qolishini hali to‘liq tasdiqlamagan.

Havoga ko‘tarilishning huquqiy muammolari

«Roadster»ning havodagi harakatlari aviatsiya qoidalari va transport vositalarini sertifikatlash masalasini ham kun tartibiga chiqardi.

Aviatsiya mutaxassislariga ko‘ra, yerdan uziladigan har qanday transport vositasi AQSH Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) nazoratiga tushishi mumkin. Og‘irligi 250 funtdan (taxminan 113 kg) oshadigan uchuvchi qurilmalar uchun tegishli ruxsatnoma va sertifikatlar talab qilinadi. Qolaversa, bunday avtomobilni oddiy haydovchilik guvohnomasi bilan boshqarish taqiqlanib, unga aviatsiyaga oid maxsus talablar qo‘yilishi ehtimoli bor.

Ilon Mask taqdimot vaqtida avtomobilning xavfsizligi birinchi o‘rinda emasligini hazilomuz tarzda eslatib, uning barcha davlatlarda ham qonuniy ruxsat olishiga to‘liq kafolat bermadi.

«Tesla» uchun «Roadster»ning ahamiyati

Ilon Mask «Roadster» loyihasi «Tesla»ning moliyaviy ko‘rsatkichlariga keskin ta’sir qilmasligini avvalroq tan olgan edi. Biroq bu model kompaniyaning yuqori texnologiyali muhandislik salohiyatini namoyish etuvchi flagman sifatida nihoyatda muhim. Xususan, «Morningstar» tahlilchisi Set Goldsteyn ham ushbu avtomobilni shirkatning muhandislik salohiyatini namoyish etuvchi asosiy mahsulot sifatida baholagan.

Ayni paytda kompaniyaning asosiy diqqat markazi avtonom boshqaruv texnologiyalari va robototexnikaga ko‘chmoqda. «Tesla» 2026 yilda «Model S» va «Model X» ishlab chiqarishni to‘xtatish orqali butun quvvatini Optimus gumanoid robotlari hamda Cybercab nomli ikki kishilik robotaksi loyihalariga yo‘naltirishini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid