Moldovalik moliyachi «O‘zsanoatqurilishbank» kuzatuv kengashining raisi bo‘ldi
U yirik bank inqirozidan so‘ng tizimni barqarorlashtirish, islohotlar o‘tkazish va bank sohasiga bo‘lgan ishonchni qaytarishda muhim rol o‘ynagan.

Moldovalik taniqli iqtisodchi va moliyachi Serjiu Choklya «O‘zsanoatqurilishbank» kuzatuv kengashining raisi etib saylandi. Bu haqda bankning rasmiy sahifasida keltirilgan.
52 yoshli Choklya bank nazorati, moliyaviy tartibga solish, korporativ boshqaruv hamda investitsiya-bank faoliyati sohalarida tajribaga ega. U Moldova Iqtisodiy bilimlar akademiyasini tamomlagach, Fransiyaning nufuzli Panteon-Assas universitetida xalqaro iqtisodiyot va rivojlanish yo‘nalishi bo‘yicha magistrlik va aspirantura darajasini olgan. U rumin, ingliz, fransuz va rus tillarini mukammal biladi.

Milliy bank rahbari bo‘lishdan oldin u xalqaro moliya tizimida, xususan, Fransiyaning yirik BNP Paribas bank guruhida 17 yildan ortiq ishlagan. London, Parij va Moskva idoralarida korporativ moliyalashtirish departamenti rahbari hamda boshqaruvchi direktor lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2016-yilda Moldova parlamenti tomonidan mamlakat bosh banki raisligiga saylangan. U yirik bank inqirozidan so‘ng tizimni barqarorlashtirish, islohotlar o‘tkazish va bank sohasiga bo‘lgan ishonchni qaytarishda muhim rol o‘ynagan. 2018-yilning noyabr oyida o‘z xohishi bilan iste’foga chiqqan. U uchta davlat — Moldova, Ruminiya va Fransiya fuqaroligiga ega.
Ma’lumot uchun, mamlakatdagi davlat banklaridan biri «SQB» yarim yilda foydasini 36,7 foizga oshirib, 1,1 trln so‘mga yetkazgan. O‘tgan yilning mos davridagi sof foyda 808,6 mlrd so‘mni tashkil qilgandi.
Bank foydasi o‘sishiga foizsiz daromadlarning 202 foizga keskin oshishi sabab bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 3,45 trln so‘mdan 10,41 trln so‘mga ko‘paygan. «Ipotekabank»dan farqli ravishda «SQB» kreditlar bo‘yicha zaxira uchun o‘tgan yilga nisbatan 4,7 trln so‘m ko‘proq ajratdi. Aks holda foyda bundan ham ko‘proq bo‘lardi. Bu bankning IPOga chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
«SQB» Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) tarkibida London va Toshkentda IPOga chiqarilgandi. Bankning 40 foizi jamg‘armaga tegishli. IPO natijasida UzNIF’ning 31 foizi uchun qariyb 700 mln dollarga yaqin mablag‘ jalb qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyalari rekord darajada qimmatlagandi.




