Putin AQSH va Eronni yarashtira oladimi?
Rossiya prezidenti Vashington va Tehron o‘rtasidagi ziddiyatni bartaraf etish uchun «qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga» va’da berdi. Xo‘sh, amalda Moskva nima qila oladi?
© APRossiya yana Yaqin Sharqdagi katta siyosiy maydonga qaytmoqchi. So‘nggi kunlarda RF prezidenti Vladimir Putin Tehron va Vashington bilan muzokaralar olib bordi.
Turkmanistonda eronlik hamkasbi Mas’ud Pizishkiyon bilan uchrashgan Putin amerikaliklar bilan yuzaga kelgan kelishmovchilikni hal qilishda Moskva «qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini» bildirdi.
«Bizning pozitsiyamiz sizga ayon. O‘z tomonimizdan ushbu vaziyatni o‘nglashda sizga ko‘maklashish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyormiz», — dedi Rossiya yetakchisi.
Pizishkiyon o‘z nutqini Rossiya va Eron munosabatlaridagi ijobiy ruhni e’tirof etishdan boshladi, biroq Putinning vositachilik borasidagi taklifiga ochiq munosabat bildirmadi.
«Hozirda biz yakuniy xulosalarni tayyorlayapmiz, AQSH bilan tashabbuslar almashdik va Amerika tomonining taklifini qayta ko‘rib chiqdik. Barchasi uzil-kesil tayyor bo‘lgach, vositachilar yordamida bu tashabbuslarni yana bir bor sarhisob qilamiz», — dedi Eron rahbari.
Putin Tramp bilan Eron masalasini muhokama qildimi?
10-oktabrga o‘tar kechasi Vladimir Putin amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qilib, Moskva muzokaralarga ko‘maklashishga tayyor ekanini yana bir bor eslatdi. RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ta’kidlashicha, «Putin Eron masalasida diplomatik yo‘llar hali tugamaganini, tomonlar kelishib olishi mumkin va shart ekanini alohida qayd etgan».
Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin Moskvaning «boshi berk ko‘chadan chiqish chorasi sifatida yuqori boyitilgan Eron uranini Rossiya hududiga olib chiqish haqidagi» taklifi hamon amalda ekanini aytgan.
«Tramp bu fikrni e’tiborsiz qoldirmadi va Moskvaning Eron atrofidagi vaziyatni yumshatish jarayoniga qo‘shilishini olqishladi», — deya qo‘shimcha qildi Ushakov.
1-oktabr kuni Vladimir Putin AQSH va Isroil dastlab Moskvaning Eron uranini Rossiyaga olib chiqish haqidagi tashabbusiga rozi bo‘lganini eslatgan edi.
«Biroq keyinchalik Qo‘shma Shtatlar o‘z talabini qat’iylashtirdi: uranni olib chiqish kerakligi, lekin u faqat AQSHga topshirilishi shartligini bildirdi. Bundan keyin Eron ham o‘z pozitsiyasini keskinlashtirdi», — deya tushuntirdi Rossiya prezidenti.
Tramp hozircha Rossiyaning Eron bo‘yicha bergan bu taklifiga rasmiy izoh bergani yo‘q. Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning iyul oyida u Vladimir Putinning vositachi bo‘lish tashabbusini ochiqchasiga rad etgandi.
«Vladimir, menga yaxshilik qilmoqchi bo‘lsangiz, avval o‘zingizning mojaroingizni hal qilib oling», — degan edi Oq uy rahbari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini nazarda tutib. O‘shanda Tramp Putinning Eron mojarosiga keyinroq qo‘shilishi mumkinligini ham qo‘shimcha qilgan edi.
Moskva va Tehronni nima bog‘lab turadi?
Ikki davlat hamkorligining asosiy yo‘nalishi — harbiy sohadir. 2022 yildan so‘ng Eron Moskva uchun mudofaa sanoatining asosiy ta’minotchilaridan biriga aylandi. Oq uyning ta’kidlashicha, Tehron Rossiyani dronlar bilan ta’minlagan va ularni ishlab chiqarishni Rossiya hududiga ko‘chirishda yaqindan yordam bergan. AQSH Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron mudofaa idorasi Alabugada dronlarni yig‘ish bo‘yicha 1,75 milliard dollarlik shartnomada bevosita ishtirok etgan.
Moskva esa bu da’volarni muntazam rad etib kelmoqda. Xususan, RF Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2024 yilning sentabr oyida Erondan Rossiyaga raketalar yetkazib berilgani haqidagi xabarlarni «AQSH o‘ylab topgan uydirmalar» deb atagan edi.
Shu bilan birga, 2026 yilning yanvar oyida «Financial Times» (FT) nashri Eron Rossiya bilan 589 million dollarlik yashirin qurol savdosi bo‘yicha bitim tuzganini yozib chiqdi. Kelishuv 500 ta zamonaviy «Verba» ko‘chma zenit-raketa majmuasi va 2500 ta 9M336 raketasini yetkazib berishni ko‘zda tutadi.
Joriy yilning sentabr oyida «Fox News» telekanali Rossiya Eron bilan bog‘liq barcha iqtisodiy loyihalarni — «Busher» atom elektr stansiyasidan tortib, Rasht-Ostora temir yo‘ligacha bo‘lgan hamkorlikni yagona tizimga birlashtirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. Bundan tashqari, SWIFT tizimini aylanib o‘tish maqsadida ikki davlat allaqachon o‘z to‘lov tizimlarini, xususan, Eronning «Shetab» va Rossiyaning «Mir» tizimlarini o‘zaro integratsiya qilib ulgurgan.
AQSH va Eron muzokaralarida nimalar yuz bermoqda?
Eron rahbari Putin bilan uchrashuvda tilga olgan asosiy vositachilar — Pokiston va Qatardir. Aynan Doha va Islomobod AQSH hamda Eronga iyun oyidagi o‘zaro anglashuv memorandumini tayyorlashda ko‘maklashgan edi. Ushbu kelishuv natijasida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish tartibi o‘rnatilgandi.
Biroq bu tanaffus mojaroga uzil-kesil nuqta qo‘ya olmadi: 17-avgustdan boshlab tomonlar jangovar harakatlarni yana qayta tikladi. AQSH Eronning 10 dan ortiq tankeriga hujum qilgan bo‘lsa, Tehron ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozida 12 dan ziyod kemani nishonga oldi.
Sentyabr oyining oxiriga kelib, Pokiston va Qatar vositachiligida muzokaralar jarayoni yana jonlandi. Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi doirasida Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini tiklash va jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha yangi tinchlik taklifini ilgari surdi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Vashington tomonidan rasmiy rad javobi berilmaganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, Tramp bu rejani rad etdi.
Ammo Eronning bu diplomatik qadami e’tiborsiz qolmadi. «Axios» portalining 28-sentabrdagi xabariga ko‘ra, AQSH prezidenti Eronga qarshi sanksiyalarni yumshatishga va muzlatilgan aktivlarning bir qismini ochishga tayyorligini bildirgan. Faqat buning uchun Tehron yadroviy dastur masalasida «aniq siljish»ni namoyish etishi shart qilib qo‘yilgan.
Oq uy rahbarining o‘zi esa bu xabarlarni keskin inkor etib, ijtimoiy tarmoqlarda Eronga hech qanday taklif bermaganini yozib qoldirdi.
Muzokaralar jarayoni haqidagi so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, 8-oktabr kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy Tehron va Maskat Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi uchun xavfsiz yo‘nalishlarni kelishib olganini va tez orada ularni jamoatchilikka e’lon qilishini bildirdi. Biroq bu kelishuv amerikaliklarni ham qanoatlantiradimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.
9-oktabr kuni esa AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Eronni keskin tanqid ostiga olib, Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan «nazoratni to‘liq yo‘qotganini» ta’kidladi. AQSH rasmiysining da’vo qilishicha, Ho‘rmuz orqali neft tranziti qariyb urushdan oldingi darajaga qaytgan.
Hozircha bu da’voga mustaqil ekspertlar tomonidan baho berilmagan.
Tramp zarba berishni saylovgacha kechiktirdi
8-oktabr kuni «Axios» nashri Pentagon Eronga qarshi yangi hujumlarga hozirlik ko‘rayotgani haqida xabar berdi. Qayd etilishicha, Amerika harbiylari uch kun davom etadigan harbiy operatsiya variantlarini ishlab chiqqan va zarba berish uchun yangi nishonlarni belgilab olgan.
Eron qirg‘oqlari tomon «Theodore Roosevelt» aviatashuvchi kemasi yo‘lga chiqdi. U mintaqada shay holatda turgan «George H.W. Bush» va «George Washington» aviatashuvchi guruhlari safiga borib qo‘shiladi. «The New York Times» (NYT) nashrining yozishicha, 2003 yildan buyon Yaqin Sharqda birinchi marta bir vaqtning o‘zida AQSHning uchta aviatashuvchi kemasi to‘planadi. Hozirda mintaqada 20 mingdan ortiq amerikalik piyoda askarlar va yuzlab harbiy samolyotlar joylashtirilgan.
Donald Tramp esa 7-oktabr kuni AQSH Kongressiga 3-noyabrda o‘tkaziladigan oraliq saylovlarga qadar Eronga hujum qilmasligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Oq uy rahbari Vashington va Tehron o‘rtasida «samarali muzokaralar» kechayotganini ta’kidladi.
NYT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda Pentagon prezidentga Eron yoki Yamandagi husiylarga qarshi besh marta yirik harbiy operatsiya o‘tkazishni taklif qilgan. Biroq Tramp bu rejalarni rad etgan.
Nashr manbalarining tushuntirishicha, diplomatlar prezidentni muzokaralar jarayonida ijobiy siljish borligiga ishontirgan. Shunday bo‘lsa-da, eng asosiy masalada Vashington va Tehronning pozitsiyalari hamon bir-biriga zid kelmoqda.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens 6-oktabr kuni Eron uran boyitish quvvatlarini sezilarli darajada qisqartirishi shartligini ta’kidlab: «Biz amaliy harakatlarni quruq va’dalarga almashmaymiz», — dedi.
Ayni vaqtda eronlik mulozimlardan biri «Reuters» agentligiga AQSH bilan bevosita yadroviy dastur bo‘yicha hech qanday muzokaralar o‘tkazilmaganini ma’lum qildi. Tehronning qat’iy talabi («qizil chizig‘i») — Vashington Eronning uranni boyitish huquqini tan olishi shart. Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, Eron bu masalada hech qachon yon bosmaydi.





