Kremlga oid maxfiy hujjatlarda O‘zbekiston nomi ham chiqdi
Sizib chiqqan hujjatlarda O‘zbekiston Rossiya bilan bog‘liq media tarmoqlar faoliyati qamrab olgan hududlar qatorida qayd etilgan.
© sun'iy intelektRossiya Prezidenti Administratsiyasi bilan bog‘liq deb aytilgan maxfiy hujjatlar xalqaro jurnalistik surishtiruv natijasida ommaga ma’lum qilindi. «OCCRP» va «Delfi Estonia» jurnalistlari e’lon qilgan materiallarda Rossiya bilan bog‘liq axborot ta’siri mexanizmlari haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Hujjatlarga ko‘ra, AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan «Social Design Agency» PR kompaniyasi turli davlatlarda axborot va ta’sir operatsiyalarini amalga oshirgan. Ushbu jarayonlar ayrim hujjatlarda «kognitiv zarbalar» sifatida qayd etilgan.
Taqdimot materiallarida bu kabi loyihalar orqali turli auditoriyalarga ta’sir o‘tkazish, axborot kun tartibini shakllantirish hamda muayyan siyosiy va ijtimoiy qarashlarni ilgari surish maqsad qilingani aytiladi.
O‘zbekiston bo‘yicha qaydlar

Sizib chiqqan materiallardan birida «SNG-MEDIA» deb nomlangan media tarmog‘i haqida ma’lumot berilgan. Hujjat mualliflari ushbu tashabbus maqsadini SSSR parchalanganidan keyin uzilgan aloqalarni qayta tiklash sifatida ta’riflagan.
Hujjatda Armaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston hamda Kaspiy mintaqasi loyiha faoliyati qamrab olingan hududlar sifatida ko‘rsatilgan.
E’tiborli jihati shundaki, tarmoq tarkibida O‘zbekistonga yo‘naltirilgan «Toshkent Today» nashri ham tilga olingan. U mamlakatdagi voqealarni yorituvchi resurs sifatida tasvirlangan. Shu bilan birga, butun tarmoqning vazifasi postsovet hududida umumiy axborot maydonini saqlash ekani qayd etilgan.
Ta’sir vositasi
Tahlillarga ko‘ra, ushbu nashr 2022 yildan faoliyat boshlagan. Shuningdek, u 2021 yilda Rossiyaning «Roskomnadzor» idorasida ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tgani va muassisi «SNG-MEDIA» ekani aniqlangan.
Materialda Armaniston misoli ham keltirilgan. Unga ko‘ra, tarmoqqa kiruvchi platformalardan biri mahalliy siyosiy muhitga ta’sir qilish vazifasini ham bajargan.
Hujjatlarda O‘zbekiston alohida axborot operatsiyasi obyekti sifatida tilga olinmagan. Biroq mamlakat loyiha yo‘naltirilgan hududlar ro‘yxatiga kiritilgani axborot maydoni geosiyosiy raqobatning muhim qismi bo‘lib borayotganini ko‘rsatmoqda.





