
Lavrov ham Tramp kabi «katta syurprizlar»ni va’da qildi
12.07.2025 | 18:0013874
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSHning Ukraina bo‘yicha yangi rejasi haqidagi bayonotiga izoh berishdan bosh tortdi. U faqat Donald Trampning «katta syurprizlar kuting» degan so‘zlari bilan cheklandi.

Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan ASEAN tadbirlari yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Lavrovdan AQSH davlat kotibi Marko Rubio bayonotlari haqida fikr so‘raldi. U esa: «Bu boradagi gaplarni sharhlamayman» deb javob qaytardi. Shu bilan birga, Trampning so‘zlarini keltirdi: «Men buni ayta olmayman. Katta syurprizlar kuting».
Rubio avvalroq ASEAN sammiti doirasida Moskva va Kiyev o‘rtasidagi «yo‘l xaritasi» muhokama qilinganini aytgan edi. U Rossiya tomoni yangi takliflar bildirganini qayd etgan, ammo tafsilotlarni oshkor qilmagan.
Jurnalistlar Lavrovdan mazkur tashabbus kimga tegishli ekani va qanday yangiliklar taklif etilganini so‘radilar. Lavrov faqat Ukraina masalasi muhokama qilinganini tasdiqladi va Moskva o‘z pozitsiyasini qayta bayon etganini bildirdi.
U Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 3 iyul kuni Donald Tramp bilan suhbatida ham ana shu pozitsiya takrorlanganini eslatdi. Kreml ma’lumotlariga ko‘ra, suhbat davomida Putin siyosiy yo‘l bilan muammoni hal qilish tarafdori ekanini aytgan, ammo Rossiyaning maqsadlari o‘zgarmasligini ta’kidlagan.
Ayni vaqtda Donald Tramp shu haftada Rossiya uchun «syurpriz» tayyorlayotganini ma’lum qilgan. U yangi sanksiyalar haqidagi savolga javob berib, hozircha qaror qabul qilinmaganini aytgan va 14 iyul kuni «muhim bayonot» e’lon qilinishini va’da qilgan.
Shu bilan birga, AQSH Senatida Lindsi Grehem tomonidan taklif etilgan tashabbus — Rossiyaning hamkorlariga nisbatan 500 foizgacha boj stavkalari joriy etish loyihasi muhokamada turibdi. Tramp ta’kidlashicha, yakuniy qaror uning qo‘lida.
So‘nggi haftaning o‘zida Tramp bir necha marta Rossiyaning Ukrainadagi harakatlaridan norozilik bildirgan va Putin bilan oxirgi muloqotda hech qanday olg‘a siljish qayd etilmaganini tan olgan.





