
Makron Trampning Grenlandiyani anneksiya qilish rejasini «aqlsizlik» deb atadi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron AQSH rahbari Donald Trampning Grenlandiyani anneksiya qilish haqidagi niyatini qattiq tanqid qildi va Daniya bilan birgalikda harbiy mashqlar o‘tkazish orqali orol xavfsizligini ta’minlashga tayyor ekanini bildirdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Grenlandiyaga amalga oshirgan rasmiy safari davomida AQSH prezidenti Donald Trampning ushbu orolni anneksiya qilish niyatini «behayo xomxayol» deb atadi. Makron Yevroittifoq nomi bilan so‘zlab, Grenlandiyani «sotib bo‘lmaydigan va egallab bo‘lmaydigan» hudud sifatida tavsifladi. Uning ta’kidlashicha, Grenlandiya bugungi kunda «talonchi geosiyosiy ambitsiyalar» tahditi ostida turibdi.
Makron Daniya tarkibidagi Grenlandiya poytaxtida Nuuk shahriga Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen taklifi bilan tashrif buyurdi. U orolda xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida Fransiya va Daniya o‘rtasida qo‘shma harbiy mashqlar o‘tkazishni taklif qildi.
Ma’lumot o‘rnida, Grenlandiya 1953 yilgacha Daniya mustamlakasi bo‘lgan. 2009 yildan buyon u avtonomiya maqomiga ega bo‘lib, ichki boshqaruv huquqiga ega. 2019 yilda Donald Tramp prezidentlikning birinchi muddati davrida orolni 600 mln dollar yevaziga sotib olish niyatini bildirgan. U 2025 yil boshida prezidentlikka qayta saylanganidan so‘ng, Daniyaga rasman murojaat qilib, orolni AQSHga berishni talab qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiya «ozod dunyo»ni Xitoy va Rossiyadan himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.
2025 yil may oyida Tramp AQSH Grenlandiyani kuch bilan egallashi mumkinligini ham rad etmadi. U anneksiyadan so‘ng orol aholisini «e’zozlash» va’dasini berdi. Hozirda Grenlandiyada AQSHning Pituffik harbiy bazasi mavjud bo‘lib, u yerda 200 nafar amerikalik harbiy xizmatchi va F-35 qiruvchi samolyotlari joylashgan. Baza ballistik raketalarni oldindan aniqlash tizimida strategik ahamiyatga ega bo‘lib, u Yevropadan AQSHga eng qisqa yo‘lda joylashgan.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, Trampning Grenlandiyaga qiziqishi oroldagi boy tabiiy resurslar — oltin, olmos, uran va elektronika hamda harbiy texnikalar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan noyob yer metallari zaxiralari bilan bog‘liq.





