add

Mirziyoyev: «Tergovda son emas, sifat bo‘lishi kerak»

Prezident Huquqni muhofaza qilish akademiyasi yiliga 200 dan ortiq tergovchi tayyorlayotganligiga qaramay, poytaxtda ichki ishlarda 100 ta tergovchi lavozimi uch oydan buyon vakant ekanligi, bu yuklama ham boshqa xodimlarga tushgani uchun sifat yo‘qolib borayotganini tanqid qildi.

Mirziyoyev: «Tergovda son emas, sifat bo‘lishi kerak»© Фото: t.me/Press_Secretary_Uz

Prezident 27-yanvar kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazayotgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahri tergov tizimidagi muammolar haqida gapirdi.

Xususan, tergov kadrlarini tayyorlash uchun Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilgan bo‘lib, unda har yili 200 nafardan ortiq tergovchi tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, poytaxtda ichki ishlar organlarida 100 ta tergovchi lavozimi uch oydan beri bo‘sh qolmoqda. Bu holat amaldagi xodimlarga ortiqcha yuklama tushishiga, natijada tergov sifati pasayishiga olib kelayotgani qayd etildi.

«2025 yil sudda 422 ta shaxs oqlangani sudyalarni mustaqil qaror qabul qilayotganidan dalolat. Bu, albatta, yaxshi! Lekin masalaning ikkinchi tomoni bor. Shuncha shaxsning noqonuniy ayblanganiga kim javob beradi? Tergovda son emas, sifat bo‘lishi kerak. Shu bois, ilg‘or xorijiy tajriba asosida tergov idoralarining faoliyatini takomillashtirish zarur», — dedi Prezident.

Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida ichki ishlar organlaridagi tergovchilar o‘z xizmat vazifalarini hududiy rahbarlardan mustaqil ravishda amalga oshirishi lozimligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, mutasaddilarga tergov organlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, ish hajmiga mos shtatlar shakllantirish hamda tegishli qaror va qonun loyihalari paketini kiritish topshirildi.

Adliya tizimi kuchaytiriladi

Yig‘ilishda davlat boshqaruvida ochiqlik siyosati samara berayotgani, biroq bu jarayon huquq-tartibot tizimiga sekin kirib kelayotgani ham tanqid qilindi.

Bu idoralarning yopiq holatda ishlashi ularni o‘ziga ham, jamoatchilikka ham foyda keltirmasligi, sohada o‘zgarish, rivojlanish bo‘lmasligi ta’kidlandi.

Butun dunyoda huquq-tartibot faoliyati va qonuniylikni ta’minlashga javob beradigan adliya tizimi eskicha ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Endi adliya tizimini ham kuchaytirish zarurligi haqida aytildi.

Bu borada birinchi qadam sifatida Adliya vazirligi tomonidan huquq-tartibot idoralarining faoliyatini «huquqiy audit»dan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. «Huquqni muhofaza qilish faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, adliya organlarining aniq roli, yangi vazifa va vakolatlari belgilanadi.

«Biz Toshkent shahrida jinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim qilyapmiz. Shu bois, poytaxtga respublikadan biriktirilgan mas’ullar tumanga tushganda majlisbozlik bilan shug‘ullanmasdan, aholi muammolarini eshitishi, yuqoridagi masalalar bo‘yicha yangi tajribalar qilib, natija ko‘rsatishi shart», — dedi Mirziyoyev yig‘ilish yakunida.

Teglar

Mavzuga oid