add

Misrda G‘azo bo‘yicha sammit oldidan Qatar delegatsiyasi avtohalokatga uchradi

12.10.2025 | 10:5741943

Sharm-ash-Shayx shahrida Qatar delegatsiyasi ishtirokidagi avtohalokatda uch kishi halok bo‘ldi, yana ikki kishi jarohat olgan. Hodisa G‘azo bo‘yicha tinchlik sammiti arafasida sodir bo‘ldi.

Misrda G‘azo bo‘yicha sammit oldidan Qatar delegatsiyasi avtohalokatga uchradi
Misrning Sharm-ash-Shayx shahrida, 13 oktyabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan G‘azo bo‘yicha xalqaro tinchlik muzokaralari arafasida fojiali yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Shafaq News xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, avtohalokatda Qatar delegatsiyasining uch a’zosi halok bo‘lgan, yana ikki kishi turli darajadagi jarohatlar olgan. Hodisa delegatsiya a’zolari mehmonxonadan muzokaralar o‘tadigan joyga yo‘l olgan vaqtda sodir bo‘lgan. Ularga tegishli avtomobil shahar trassalaridan birida boshqa transport vositasi bilan to‘qnashgan. Hozirda hodisa sabablari va sharoitlari Misr huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan o‘rganilmoqda. Halok bo‘lganlar Qatarning asosiy muzokara guruhi tarkibida bo‘lgan-bo‘lmagani hali rasman tasdiqlanmagan. 13 oktyabr kuni Sharm-ash-Shayx shahrida o‘tadigan «Tinchlik sammiti» G‘azo urushini tugatish bo‘yicha kelishuvni mustahkamlash va mintaqada barqarorlikni ta’minlashni maqsad qilgan. Sammit doirasida xalqaro yetakchilar urishni to‘xtatish va qayta tiklanish jarayonini boshlash bo‘yicha mexanizmni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. AQSH prezidenti Donald Trampning ma’lum qilishicha, Isroil va HAMAS tinchlik rejasining birinchi bosqichini imzolagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat garovdagi shaxslarni ozod qilish va Isroil qo‘shinlarini belgilangan chiziqqacha olib chiqishni nazarda tutadi. Tramp buni «G‘azodagi urush tugadi» deb baholagan. Biroq sammitda Isroil va HAMAS vakillari ishtirok etmasligi rejalashtirilgan, bu esa muzokaralarning amaliy natijalari bo‘yicha savollar tug‘dirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Misrda G‘azo bo‘yicha sammit oldidan Qatar delegatsiyasi avtohalokatga uchradi | Vaqt.uz