
«Navoiyuran» kredit reytingi yangilanish arafasida
20.10.2025 | 07:585083
Dunyodagi yetakchi reyting agentliklaridan biri — S&P Global Ratings «Navoiyuran» davlat korxonasi kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi yangilanish jarayonini boshladi.

Moliyaviy barqarorlik va investitsion jozibadorlikni belgilaydigan muhim ko‘rsatkichlardan biri — xalqaro kredit reytingi hisoblanadi. Bu reytingni dunyodagi yetakchi agentliklar — S&P Global Ratings va Fitch Ratings belgilab beradi.
2024 yil noyabr oyida amerikalik S&P Global Ratings agentligi «Navoiyuran» davlat korxonasiga BB-/barqaror darajasida kredit reytingi bergan edi. Ortidan 2025 yil iyul oyida Fitch Ratings ham korxona reytingida ijobiy yangilanish kiritib, uni BB/barqaror darajasiga ko‘tardi.
2025 yil 14 oktyabr kuni S&P Global Ratings vakillari korxonaning yillik baholash jarayoni doirasida Navoiy viloyatidagi asosiy ishlab chiqarish maydonlari va uran ishlab chiqarish zavodida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif doirasida «Navoiyuran» rahbariyati tomonidan taqdimot o‘tkazilib, 2025 yilning birinchi yarmidagi moliyaviy natijalar 2024 yil ko‘rsatkichlari bilan taqqoslab tahlil etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona ishlab chiqarish hajmlarida va samaradorlikda barqaror o‘sishga erishgan.
S&P agentligi tomonidan noyabr oyida o‘tkaziladigan yangilangan baholash natijalari korxonaning xalqaro moliya bozoridagi obro‘sini yanada mustahkamlaydi. Reytingni saqlab qolish yoki yanada oshirish — «Navoiyuran» uchun yangi investitsiya loyihalarini jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.





