
OPEC+ dekabrda neft qazib chiqarish hajmini oshiradi
Tashkilotga a’zo mamlakatlar dekabr oyidan boshlab neft qazib chiqarish kvotasini kuniga 137 ming barrelga oshirishga kelishdi. Biroq 2026 yilning birinchi choragida hajmlar yana o‘zgarishsiz qoladi.

OPEK+ tashkilotiga a’zo sakkiz davlat energetika vazirlari dekabr oyida neft qazib chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Tashkilot matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qarorga ko‘ra, dekabrdan boshlab qazib chiqarish kuniga 137 ming barrelga ko‘paytiriladi.
Bundan keyin OPEC+ 2026 yilning birinchi choragida «sezon omillarini inobatga olgan holda» hajmni o‘zgartirmasdan, vaqtinchalik tanaffus qilishni rejalashtirgan. Bu qaror bozor barqarorligini ta’minlash va narxda keskin tebranishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qabul qilingani qayd etilgan.
Tashkilot bayonotida aytilishicha, avval joriy etilgan kuniga 1,65 mln barrellik ixtiyoriy qisqartirish «bozor sharoitiga qarab qisman yoki to‘liq qayta joriy etilishi mumkin». Shu bilan birga, OPEC+ a’zolari ehtiyotkorlik bilan harakat qilish va to‘liq moslashuvchanlikni saqlab qolish zarurligini ta’kidladi.
Bu moslashuvchanlik qatoriga tanaffusni uzaytirish yoki kuniga 2,2 mln barrellik qo‘shimcha ixtiyoriy qisqartirishni bekor qilish imkoni ham kiradi. Tashkilot a’zolari mazkur qarorlar bozordagi talab va geosiyosiy vaziyatga qarab qayta ko‘rib chiqilishini bildirgan.
Kelgusi yig‘ilish 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda yangi yil boshidagi bozor sharoiti va qazib chiqarish siyosatiga oid yangi qarorlar muhokama qilinishi kutilmoqda.





